09:30 / 10.11.2019
2
19725
Toshkentdagi yirik bozorlar yaqinida noto‘g‘ri qo‘yilgan avtomobillarni evakuator orqali olib ketish boshlandi

Toshkent shahar IIBB YHXB YHX xodimlari «Toshkent savdo markazi», «Bekto‘pi» va «Chilonzor» buyum bozorlari yoniga noto‘g‘ri qo‘yib ketilgan avtomobillarni evakuatsiya qilishni boshladi.

Foto: Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati

«Toshkent shahar aholisi va mehmonlaridan bozorlar oldidagi avtoturargohlarga va yo‘l bo‘yiga mashinalar noto‘g‘ri qo‘yib ketilayotgani to‘g‘risida ko‘plab shikoyatlar kelib tushmoqda. Noto‘g‘ri qo‘yilgan avtomobillar boshqa transport vositalarining harakatiga xalaqit beradi, tirbandliklar keltirib chiqaradi va buning oqibatida YTHlar sodir bo‘ladi.

Toshkent shahar IIBB YHXB YHX xodimlari noqonuniy «parkovka»ga qarshi kurashib kelishmoqda. Ko‘p hollarda bozorda savdo qiluvchi sotuvchilar o‘z avtomobillarini ruxsat etilmagan joylarda qoldirishi bilan bog‘liq holatlar aniqlangan. Ular bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan, avtomobillarni noto‘g‘ri joyda qoldirganlik uchun jarimalar qo‘llanishi haqida ogohlantirishlar berilmoqda. Qayerdadir muammo bozorlar yaqinida to‘xtash qoidalari buzilishini qayd etuvchi kameralar orqali hal qilinmoqda, qayerdadir dalolatnomalar tuzish orqali.

Ammo haydovchilar o‘z avtomobillarini noto‘g‘ri joyda qoldirish orqali yo‘llardagi harakatga xalaqit berishsa va o‘z vaqtida kelib mashinani olishmasa nima qilish kerak? Bunday holatlarda YPX xodimlari «og‘ir artilleriya» orqali chora ko‘rishadi - qoidabuzarning avtomobili evakuator bilan jarima maydonchasiga olib ketiladi.

Masalan, 7 noyabr kunining o‘zida «Chilonzor» buyum bozori («Ippodrom»), «Toshkent savdo markazi» («Abu Saxiy») hamda «Bekto‘pi» bozori hududidagi o‘rnatilgan tartibga zid ravishda tashlab ketilgan 13ta avtomobil evakuator orqali jarima maydonchasiga olib borilgan. Ushbu avtomobil egalariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-6-moddasiga muvofiq ma'muriy javobgarlik fakti bo‘yicha dalolatnomalar tuzilgan (bu bo‘yicha EKIHning 3 baravarigacha - 608 190 so‘m miqdorida jarima solinishi mumkin).

Hurmatli haydovchilar! Yo‘l harakati qoidalarini buzmang, yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga xalal bermang. Bu sizning oilaviy budjetingiz va vaqtingizni tejashga, asablaringizni asrashga yordam beradi. Iltimos, bozorga borganda u yerdagi mavjud avtoturargohlar xizmatidan foydalaning», — deyiladi Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati xabarida.

Foto: Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top