23:46 / 11.11.2019
0
9777

Alibaba’ning «bo‘ydoqlar kuni»dagi savdosi hajmi Amazon’ning 3 oylik savdosidan ko‘proqni tashkil qildi

11 noyabr – «Bo‘ydoqlar kuni»dagi (11.11) chegirmalar vaqtida Xitoyning Alibaba kompaniyasi o‘tgan yilgi rekordini 25 foizga yaxshiladi. Bu haqda South China Morning Post nashri xabar berdi. 

Savdolar hajmi chegirma kunining ilk soati 12 mlrd dollarni tashkil qildi. Umumiy hisobda onlayn-platforma orqali 500 mlnga yaqin odam xarid amalga oshirgan.  

1 mlrd dollarlik mahsulotlar aksiyaning ilk 68 soniyasidayoq, 10 mlrd dollarlik mahsulotlar esa ilk yarim soatida sotilib ketdi. Aksiyaning ilk 16,5 soatidagi savdo hajmi 2018 yildagi rekord natija - 30,8 mlrd dollardan oshdi.

Umumiy hisobda 24 soat ichida 38,4 mlrd dollarlik savdo qilindi. Bu esa AQShning Amazon onlayn-reteylerining 2019 yil 3-chorakdagi butun savdosi hajmidan (35 mlrd dollar) ko‘proqni tashkil qiladi. 

Eng xaridorgir tovarlardan biri Huawei’s Mate 30 Pro va iPhone 11 Pro smartfonlari bo‘ldi.

Alibaba “bo‘ydoqlar kuni”dagi ilk savdosini 2009 yilda amalga oshirgan va bir necha yil ichida eng yirik onlayn-reteylerga aylanishga ulgurdi. Joriy yilda kompaniya Hongkongda 15 mlrd dollarlik IPO o‘tkazishni rejalashtirgandi, biroq shahardagi ommaviy noroziliklar bu rejalarni yo‘qqa chiqardi.

“Bo‘ydoqlar kuni” 1990-yillarda xitoylik talabalar tomonidan G‘arbda 14 fevralda nishonlanadigan “sevishganlar kuni” - “Avliyo Valentin kuni”ga zid bayram sifatida o‘ylab topilgan. Bu bayramni nishonlash uchun 11 noyabr (11.11) bejizga tanlanmagan: raqamlar sehriga ishonuvchi xitoyliklar fikricha, 11.11 raqamlari yaproqsiz shoxlarni eslatadi. Xitoyda esa “so‘qqabosh” erkak va ayollar “yaproqsiz shoxlar” deb ataladi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top