19:17 / 11.11.2019
1
5015

DXA davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida aniqlangan kamchiliklarni ma'lum qildi 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi davlat xizmatlari agentligi davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qator kamchiliklarni ma'lum qildi. 

Qayd etilishicha, masalan, yo‘lovchi va yuk tashishni litsenziyalash 1 avgustdan boshlab davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilishi lozim bo‘lsa-da, Transport vazirligi tomonidan o‘z vaqtida integratsiya ishlari amalga oshirilmaganligi natijasida ushbu xizmat to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilmoqda. Ushbu holat bo‘yicha vazirlikning mas'ul xizmatlariga nisbatan Davlat xizmatlari agentligi tomonidan ma'muriy javobgarlik chorasi qo‘llanildi. 

“Umuman olganda, o‘tgan 10 oy davomida agentlik tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xizmatlari ko‘rsatish, xizmat ko‘rsatish muddatlarini buzish hamda ortiqcha hujjat talab qilish kabi bir qator qonun buzilishlari aniqlandi”, deyiladi agentlik bayonotida.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida eng ko‘p qonun buzilishi holatlari kadastr idoralari, hokimliklar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish (elektr, suv, gaz, suv-oqova tashkilotlari) tomonidan yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Yuqoridagi holatlar qayta takrorlanishining oldini olish maqsadida agentlik tomonidan tegishli huquqiy ta'sir choralari qo‘llanib kelinmoqda. Xususan, aniqlangan holatlar bo‘yicha davlat organlariga 689ta taqdimnoma, 1545ta ogohnoma kiritildi hamda 2264 nafar shaxsga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirildi. Qo‘llanilgan ta'sir choralariga asosan 421 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi, shundan 49 nafari vazifasidan ozod etildi hamda 2244 nafar shaxsga nisbatan ma'muriy jarima jazosi qo‘llanildi.

“Har bir idora rahbarlari va ularning mas'ul mutaxassislarini o‘z vazifalarini sidqidildan bajarishga undaymiz”, deyiladi Davlat xizmatlari agentligi bayonotida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top