11:00 / 11.11.2019
1
25703

«Liverpul»ning o‘yini mukammallashmoqda. Gvardiolaning noroziligi hech narsani o‘zgartirmaydi

Kuzning asosiy o‘yinida asosiy raqibini ishonchli tarzda mag‘lub etgan Yurgen Klopp jamoasi endilikda «Manchester Siti»dan 9 ochko oldinga chiqib ketdi.

Angliya chempionati. Premer-liga. 12-tur
«Liverpul» — «Manchester Siti» — 3:1 (2:0)
Gollar: Fabinyu, 6 (1:0). Saloh, 13 (2:0). Mane, 51 (3:0). Bernardu Silva, 78 (3:1).
«Liverpul»: Alisson, Aleksandr-Arnold, van Deyk, Lovren, Roberson, Xenderson (Milner, 61), Fabinyu, Vaynaldum, Saloh (Gomes, 87), Robertu Firmino (Oksleyd-Chemberlen, 79), Mane.
«Manchester Siti»: Bravo, Uoker, Stouns, Fernandinyu, Anxelino, De Breyne, Ernandes, Gundo‘g‘an, Bernardu Silva, Aguero (Gabriel Jyezus, 71), Sterling.
Ogohlantirishlar: Ernandes, 65. Gabriel Jyezus, 90+5.
Hakam: Oliver (Angliya).
10 noyabr. Liverpul. «Enfild» stadioni.

Ingichka uziladi. Himoyadagi muammolar, himoya markaziga boshqa pozitsiya futbolchilarini tushirishga majbur bo‘lgan «Manchester Siti» asosiy e'tiborini hujumga qaratdi. Bu tanlov «Sauthempton» yoki «Aston Villa»ga qarshi o‘yinlarda yordam bergandi, ammo «Liverpul»ga qarshi foydasiz bo‘lib chiqdi. Xosep Gvardiola bu oqshomda o‘zi aytganidek faoliyatidagi eng kuchli raqibga qarshi maydonga tushdi.

«Shaharliklar» «Enfild»da qatorasiga 17 o‘yindan buyon g‘alaba neligini bila olmay kelayotgandi va Xosep Gvardiola jamoasi bu o‘yinga ideal holatda kelishi talab etilardi. Lekin jamoa o‘yin arafasida yangi muammolar orttirib oldi, YeChL o‘yinida asosiy darvozabon Ederson jarohat olib safdan chiqdi. Albatta, jamoa Chili terma jamoasining birinchi raqamli darvozaboni Bravo bilan ham g‘alabalarga erishgan, ammo bunday raqibga qarshi o‘yinlarda emas.

Angliyada Ispaniyadagi kabi o‘ynab ketolmagan darvozabon faqat ikki gol o‘tkazib yuborgandan keyingina jamoani qutqarishga urina boshladi. Uning bu mavsumdagi statistikasi esa juda yomon - u o‘z darvozasi tomon aniq berilgan uchta zarbadan uchta gol o‘tkazib yuborgan. Albatta, uni tanqid qilish o‘rinli, lekin boshqa futbolchilarga ham savollar ko‘p. Masalan, Gundo‘g‘an birinchi gol urilgan vaziyatda to‘pni Fabinoga tashlab berdi, ikkinchi gol urilgan vaziyatda Fernandino Salohga xalal bera olmadi, u bu ishni Anxelinoga qoldirib, o‘zi Robersonning uzatmasini to‘sishga besamar urindi.

Bunday o‘yinlarda darvozabon qutqarishi kerak bo‘ladi, bu esa Bravoning qo‘lidan kelmadi. Bu Alissonning qo‘lidan keldi. Braziliyalik futbolchi o‘z seyvlari orqali raqibga o‘yinga qaytishga imkon bermadi. O‘yindan oldin Klopp simulyantligiga urg‘u qaratgan Mane esa o‘z goli bilan javob qaytardi.

Lekin o‘yin oxirida baribir Bernardu Silva uning darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi, ammo bu endi hech narsani o‘zgartira olmasdi.

O‘yinning so‘nggi qismida Gvardiola maydon chetida turib to‘polon qildi, chunki o‘yin hakami Maykl Oliver va videotakrorlar tizimi birinchi bo‘limda bo‘lgani kabi Aleksandr-Arnoldning qo‘liga to‘p tekkan vaziyat uchun penalti belgilamadi.

Ijtimoiy tarmoqda bu bo‘yicha munozaralar davom etmoqda.

Albatta, noyabr oyida chempionlik haqida gapirishga hali erta, lekin bu g‘alaba orqali «Liverpul» katta ustunlikka ega bo‘lib oldi. Mersisaydliklar APLdagi so‘nggi 50 o‘yinida faqat bir marta mag‘lub bo‘lishgan - yanvar oyida «Siti»ga qarshi o‘yinda. O‘sha o‘yin chempionlik masalasini hal qilgandi, balki bu safargi o‘yin natijasi ham chempionlik masalasida muhim ahamiyatga ega bo‘lib chiqar. Buni bahorda bilib olamiz, hozircha turnir jadvali yetakchisi kamchiligi yo‘q jamoaga o‘xshab ko‘rinmoqda.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top