01:08 / 11.11.2019
20
58798
«Milliy tiklanish» O‘zbekistonning YeOIIga kirishi bo‘yicha pozitsiyasini o‘zgartirdi(mi?)

10 oktyabrda O‘zbekistonning YeOIIga kirishiga qat'iy qarshiligini bildirgan «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov 10 noyabrda partiya mamlakatning iqtisodiy va siyosiy manfaatlariga xizmat qiladigan har qanday harakatni qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

10 noyabr kuni Toshkentdagi «Zarafshon» konsert zalida siyosiy partiyalar vakillari ishtirokida 4 raundli «Demokratik debat» o‘tkazildi. 

Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan tashkil qilingan mazkur tok-shou O‘zbekistonda siyosiy partiyalar rahbarlari bevosita ishtirok etgan ilk debat hisoblanadi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Tok-shou davomida jurnalistlar partiya rahbarlariga 2017 yilning bahorida Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov tomonidan O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi asosiy pozitsiyasi sifatida turli tuzilmalarga, jumladan, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi tashkilotlariga kirmasligi ma'lum qilinganini eslatdi.

Biroq, yaqinda Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev «Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish imkoniyatlari uch yildan beri o‘rganilayotgani» haqida gapirdi. Shundan kelib chiqilsa, O‘zbekiston 2016 yildayoq YeOIIga kirish imkoniyatini o‘rganishni boshlaganmidi yoki so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi asosiy pozitsiyasi o‘zgardimi?

Umuman, YeOIIga kirish O‘zbekistonning tashqi siyosat konsepsiyasiga mos keladimi, mazmunida savol bilan murojaat qilindi.

Shuningdek, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirovga siz bu boradagi pozitsiyangizda qat'iymisiz, deya qo‘shimcha savol berildi.

«Bugungi kunda O‘zbekistonning rivojlanish yo‘nalishida barcha mintaqa va davlatlar bilan hamkorlik qilishi juda muhim. YeOII masalasida davlatning 2030 yilgacha mo‘ljallangan konsepsiyasi muhokama qilinmoqda. Bu konsepsiya doirasida O‘zbekistonni birinchi o‘rinda Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishi uchun belgilangan tartibda ishlarni olib borish hamda YeOII bilan hamkorlik va «Savdo sherikligi to‘g‘risida»gi shartnomani imzolash rejalashtirilgan.

Bunda tashqi siyosat konsepsiyamizga zid bo‘lgan birorta xatti-harakat amalga oshirilmagan. «Milliy tiklanish» partiyasi esa O‘zbekistonni iqtisodiy va siyosiy manfaatlariga xizmat qiladigan har qanday harakatni qo‘llab-quvvatlaydi», deya partiya lideri Alisher Qodirovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Savol yuzasidan O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi rahbari Aktam Hayitov ham munosabat bildirib, partiya avvalroq aytgan gapida sobit qolishini ta'kidladi.

«Bu masala 2016 yildan beri o‘rganilyaptimi, deya savol berildi. Ha, bizning ekspertlar bu masalani o‘rganyapti.

Biz bu borada xalqimiz manfaatlariga mos keladigan iqtisodiy bloklarga qo‘shilish tarafdorimiz. Ya'ni, biz YeOII bilan hamkorlik qilish tarafdorimiz», dedi Hayitov.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 10 oktabr kuni Kun.uz muxbiri «Milliy tiklanish» partiyasi lideri Alisher Qodirov bilan shu mavzuda suhbat qilgan edi.

Unda partiya lideri Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqini nomi bilan iqtisodiy bo‘lgan, ammo ortida yashirin siyosiy maqsadlarni ham ko‘zda tutgan tashkilot, sifatida baholagan.

«O‘zbekistonning ittifoqqa kirishiga undalishi, uni a'zolikka tortishga nisbatan bo‘layotgan harakatlarda birinchi navbatda o‘sha a'zolarning manfaatlari turibdi. Buni keskinroq tarzda ikkinchi SSSR desa ham bo‘ladi», degan edi u.

Qodirov shuningdek, partiya pozitsiyasida davlatning iqtisodiy yuksalishi, uning boshqa davlatlar bilan teng rivojlanishi birinchi o‘rinda turishi, lekin shu bilan birga, mamlakat manfaatlariga zid bo‘lgan, siyosiy erkinligi va suverenitetiga ta'sir qiladigan, davlat usti idoralariga qaysidir ma'noda tobe bo‘lish ehtimoli mavjud bo‘ladigan har qanday ittifoqqa kirishni yoqlamasligini bildirgan.

«Ya'ni biz iqtisodiy ko‘rinishdagi siyosiy maqsadlarni ko‘zlagan ittifoqqa kirishga mutlaqo qarshimiz», degan edi «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov.

Mavzu
Saylov-2019
2019 yilning 22 dekabrida O‘zbekiston parlamenti uchun saylovlar o‘tkaziladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top