18:23 / 11.11.2019
0
3078
O‘zbekiston sayyohlar oqimini 2023 yilgacha 10 millionga yetkazmoqchi

O‘zbekiston hukumati uch yil ichida sayyohlar tashrifini yiliga 10 million nafargacha yetkazishni rejalashtirgan. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Abduhakimovga ko‘ra, 2019 yilning 10 oyi davomida mamlakatga 5,5 mln nafar turist kelgan. Bu – o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 26 foizga yuqori ko‘rsatkichdir.

«Jadal harakatlar natijasida 2023 yilgacha sayyohlar oqimini 10 millionga yetkazishni rejalashtirganmiz. Bunga qanday erishamiz? Albatta, yirik xalqaro tadbirlarning o‘rni bu yerda ahamiyatli.

13-15 noyabr kunlari o‘tkaziladigan «Ipak yo‘lida turizm»  Toshkent xalqaro turizm ko‘rgazmasi – O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasining sayyohlik sanoatidagi eng yirik tadbirdir. 1995 yildan beri o‘tkaziladigan ushbu ko‘rgazmada bu yil 26 mamlakat vakillari ishtiroki kutilyapti. Birinchi marta Gruziyadan xalqaro ekspertlar kelishadi.

Ushbu tadbirda xalqaro transport kompaniyalari, diplomatik vakolatxonalar, sayyohlik va kurort joylarining stendlari namoyish etiladi. Ular soni bu yili 85tani tashkil etadi», – dedi Aziz Abduhakimov 11 noyabr kuni matbuot anjumanida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu yil ilk marotaba ta'lim turizmiga bag‘ishlangan stend ham tashkil etiladi. Bunda xalqaro talabalarga xizmat ko‘rsatish va shu sohada ishlab chiqarilgan mahsulotlar ham namoyish etiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jyerar Deparde O‘zbekistonning Fransiyadagi turizm elchisi etib tayinlangani ma'lum bo‘lgan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top