10:55 / 11.11.2019
0
9313

Surxondaryoda juda ko‘p miqdordagi obuna mablag‘lari talon-toroj qilindi

Surxondaryoda juda ko‘p miqdordagi obuna mablag‘lari talon-toroj qilindi. Bu haqda Kun.uz’ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mahkama huzuridagi Departamentning Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari birlashgan tahririyatining mansabdor shaxslari mansab vakolatini suiiste'mol qilib, 2017-2018 yillar va joriy yilning o‘tgan davrida gazetalar obunasi uchun kelib tushgan 2,3 mlrd. so‘m pul mablag‘larini savdo va qurilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi hamda avtomashinalarga texnik xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga moliyaviy yordam sifatida o‘tkazib berib, davlat va jamiyat manfaatlariga juda ko‘p miqdorda zarar yetkazganliklari aniqlangan.

Shuningdek, tahririyat mansabdor shaxslari “S.E.M” MChJ mansabdor shaxslari bilan oldindan biriktirib, 2018 yilda fermer xo‘jaliklarining xabardorligisiz “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalariga obuna tashkil qilish uchun 150 mln. so‘m pul mablag‘larini jamiyat hisob raqamiga o‘tkazilishiga erishib, amalda fermer xo‘jaliklariga gazetalarni yetkazib bermaganliklari fosh etilgan.

Shu bilan birga, “S.E.M.” MChJ mansabdor shaxslari jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2017-2018 yillar va 2019 yilning 9 oyida jamiyat hisob-raqamiga xo‘jalik yurituvchi sub'yektlardan davriy nashrlarga obuna uchun kelib tushgan 5,4 mlrd. so‘m pul mablag‘laridan 1,9 mlrd. so‘mini boshqa maqsadlarda ishlatib yuborganliklari ma'lum bo‘lgan.

Mazkur holatlar yuzasidan “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari birlashgan tahririyati davlat korxonasi hamda “S.E.M” MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlarini o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top