17:04 / 12.11.2019
3
18380

Oltiariqda uysiz qolgan oila yaxshilar ko‘magiga muxtoj

Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida Negmatovlar oilasi bor. Bu oila o‘tgan davr mobaynida ne kunlarni ko‘rmadi deysiz. Oila ijara uylarda bir necha yil yashaganidan so‘ng, tuman markazidagi qabriston yonida uy solishgan, o‘sha yerda yashashardi. Ehtiyojmand oila uyni kadastr qilish kabi hujjatlashtirish ishlariga pulni qayerdan olsin deysiz. Bevosita guvoh bo‘ldikki, oila boshi Sodiqjon aka bazo‘r ro‘zg‘or tebratmoqda.

Qabristonni tozalash, u yerga ziyorat maqsadida kelganlarga ko‘maklashish ishlari bilan band. Turmush o‘rtog‘i Gulxumor opa nogironligi sabab ishsiz, kamiga to‘shakka mixlangan holda yotadi. Oilaning yakkayu yagona farzandi bor, uning ham nogiron. Sodiqjon akaning to‘ng‘ich farzandi Sadriddin ulg‘ayib, ro‘zg‘orga qarashay, uch-to‘rt so‘m orttirib uy-joy qilay degan niyatlar bilan Rossiya Federatsiyasiga ishlagani ketgan edi. U yerdan tuzalmas dard – saraton orttirib qaytdi va uni saqlab qolishga harchand urinishmasin, vafot etdi.

Shu yilning yanvar oyida tumandagi obodonlashtirish ishlari asnosida qabriston va uning atrofidagi qurilmalar qatori Sodiqjon akaning uy ham buzib tashlangan.

«Uyni buzishayotganda uyning ichida yotgandim. Nogiron bo‘lganim sabab qimirlay olmasdim. Uysiz qolgach, bizni «Nuroniy» jamg‘armasiga qarashli maskanga olib kelib joylab qo‘yishdi», dedi Gulxumor opa.

«Bolam qiynaldi. Qo‘limiz kaltalik qilib, unga yordam bera olmadik. Yaxshilab davolatganimizda balki, yashab ketgan bo‘larmidi, bilmadim. Hokimlik ham moddiy yordam qilib turdi. Lekin u hech narsaga yaramadi. Bolam qo‘llarimda, yonimda omonatini topshirdi. Bolam chimildiq ko‘rmay, dunyoda deyarli hech narsa ko‘rmay o‘tdi», deya o‘kindi mehribon ona.

Sodiqjon akaga ko‘ra, bu yerdan ularga bir xona joy ajratishgan. Zuhriddin ismli o‘g‘illari bilan birga uch bir jon shu yerda yashab kelishmoqda. Dam olish kunlari bu yerga tumandagi keksa yoshdagi fuqarolar kelib hordiq chiqarishadi. Ularning ayrimlari bu yerda spirtli ichimliklarni ham iste'mol qilishar ekan.

Izoh olish maqsadida tuman hokimligiga borganimizda, tuman hokimi Xolmirza Niyozov bu masala bilan shaxsan shug‘ullanishi va yangi uy olish masalasida hokimlik ham yordamini ayamasligini bildirdi. «Nuroniy» jamg‘armasi vakili esa u yerdagi tartibni o‘zi nazoratga olishga va'da berdi.

Sodiqjon aka o‘sha vaqtda bir oylik jamoat ishlariga jalb qilingan. Lekin hozir bizga ma'lum qilishicha, o‘zi ham, voyaga yetgan nogironligi bo‘lgan farzandi ham ishsiz. Gulxumor opa esa bir joyda yotadi va davolanishga muhtoj. Oila juda mushkul ahvolda.

Sodiqjon akaning oilasi juda qiyin ahvolda. Ular yaxshi insonlar ko‘magiga muhtoj. Oldinda qilichini yalong‘ochlab qish kirib kelmoqda. Azizlar, biz ko‘pchilikmiz. Qiyin kunlarni boshidan o‘tkazayotgan oilaga yordam qo‘limizni cho‘zaylik. Qilgan yaxshiliklarimiz oxirat kunida o‘zimizga soyabon bo‘ladi, albatta.

Agrobank: 8600 0417 7921 6036 (Negmatov Sodiqjon)

Zafarbek Solijonov
Kun.uz muhbiri

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top