18:30 / 12.11.2019
0
4042

O‘zbekiston Turkiya bilan soddalashtirilgan bojxona yo‘lagini tashkil etishni tezlashtirmoqchi

11-12 noyabr kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston va Turkiya bojxona xizmatlari rahbarlari ishtirokidagi Qo‘shma bojxona kengashining 1-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Shu munosabat bilan O‘zbekistonga Turkiya Respublikasi savdo vaziri o‘rinbosari – bojxona xizmati rahbari Riza To‘na Turag‘ay boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. 

Tashrifning ilk kunida ikki mamlakat ekspertlari ishtirokida ishchi yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi va unda Qo‘shma bojxona kengashining dastlabki yig‘ilishi kun tartibidan joy olgan muhim masalalar muhokama qilindi.

12 noyabr kuni esa Davlat bojxona qo‘mitasi raisi Murotjon Azimov va Turkiya Respublikasi savdo vaziri o‘rinbosari – bojxona xizmati rahbari Riza To‘na Turag‘ay ishtirokida O‘zbekiston va Turkiya bojxona xizmatlari rahbarlari Qo‘shma bojxona kengashining 1-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Kengashning ilk yig‘ilishida o‘zaro hamkorlikning yangi qirralarini belgilab beruvchi qator masalalar muhokama qilindi. Bunda eng avvalo, ikkala davlat bojxona xizmatlarining shartnomaviy bazasini mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. 

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston tomoni ikkala mamlakat bojxona xizmatlari o‘rtasida tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida dastlabki ma'lumot almashishni tashkil etish bo‘yicha hamda statistika sohasida uslubiy va axborot hamkorlik qilish yuzasidan shartnomalar tuzish tashabbusini bildirdi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya hukumatlari o‘rtasida soddalashtirilgan bojxona yo‘lagini tashkil etish to‘g‘risidagi xalqaro shartnoma loyihasi yuzasidan ichki kelishuvga doir zaruriy tartib-taomillarni ham boshlab yuborish lozimligi qayd etildi. 

Ma'lum qilinishicha, kelgusida tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash va nazorat qilish uchun zarur bo‘lgan ma'lumotlarni o‘zaro almashish bo‘yicha ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda.

Tomonlar bojxona sohasida huquqni muhofaza qilish masalalarida hamkorlik qilish bo‘yicha Ishchi guruh uchrashuvini o‘tkazishga, qisqa muddatda 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan o‘zaro harakatlar Rejasini ishlab chiqish, unda asosiy e'tiborni kontrabanda, giyohvandlik vositalari, odam savdosi va boshqa bojxona huquqbuzarliklariga qarshi kurashish kabi yo‘nalishlarga qaratishni kelishib oldilar. 

Turkiya tomoni O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashidagi ishtirokini mamnuniyat bilan e'tirof etdi va “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini samarali amalga oshirishda “Karvonsaroy” loyihasida ishtirok etishga chaqirdi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, ikkala tomon 2020 yilda amalga oshiriladigan o‘zaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash va ularni amalga oshirishni tizimli tashkil qilish maqsadida “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Turkiya bojxona xizmatlari rahbarlari Qo‘shma bojxona kengashining 1-yig‘ilishi bayonnomasini imzolashdi. 

Tashrif doirasida Riza To‘na Turag‘ay boshchiligidagi delegatsiya a'zolari Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona ekspertizasi va tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasini yuritish boshqarmasi, “Bojxona tarixi” muzeyi, Bojxona instituti va Milliy kinologiya markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Kengashning navbatdagi majlisi 2020 yilda Turkiya Respublikasida bo‘lib o‘tadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top