16:00 / 13.11.2019
0
5704

Qonun bilan tasdiqlanayotgan Davlat budjetida nimalar ko‘zda tutilyapti?

Endilikda respublika budjeti Oliy Majlis tomonidan, mahalliy budjetlar esa joylardagi mahalliy Kengashlar tomonidan qabul qilinadi.

Foto: Shutterstock

Parlament quyi palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari hamda Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitalari ishchi guruhi tomonidan “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, ushbu qonunning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti ajratmalarini tasdiqlash, budjet jarayoni va budjet darajalari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish hamda 2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti hamda ularni tayyorlash uchun asos bo‘lgan makroiqtisodiy rivojlanish prognozlari to‘g‘risida ma'lumotlarni berishdan iborat.

Ta'kidlanishicha, budjet ma'lumotlarining ochiqligini yanada oshirish maqsadida budjet mablag‘larining shakllanishi hamda sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini o‘rnatishning yangi tartibi belgilangan. Ushbu tizimga ko‘ra, 2020 yildan boshlab Davlat budjeti qonun shaklida qabul qilinadi va xalq vakillari tomonidan nazoratga olinadi.

Parlamentga taqdim etiladigan Budjet to‘g‘risidagi qonun loyihasida va Budjetnomada aholi hamda tashqi hamkorlarimizga mamlakat budjetining holati ochiq-oydin, xalqaro standartlarga muvofiq tarzda ko‘rsatiladi.

Deputatlar ta'kidlaganidek, endilikda respublika budjeti Oliy Majlis tomonidan, mahalliy budjetlar esa joylardagi mahalliy Kengashlar tomonidan qabul qilinadi. Qolaversa, xarajatlar sohalar bo‘yicha emas, vazirlik va idoralar kesimida tasdiqlanadi. Bu mazkur vazirlik va idoralarning mustaqilligini oshirish bilan birga, ularning xarajatlari samarasi uchun mas'uliyatini ham kuchaytiradi.

Muhokama etilgan masala yuzasidan qo‘mitalarning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top