21:45 / 13.11.2019
4
36766

So‘rovnoma: O‘zbekistonliklar qanday oilani zamonaviy-namunali deb hisoblaydi?

«Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi o‘zbekistonliklar qanday oilani zamonaviy-namunali oila sifatida ko‘rishlarini ma'lum qildi.

O‘zbekistonning turli hududlaridagi 800ta oila ishtirokida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazildi. So‘rovnomada bildirilgan fikrlar asosida zamonaviy-namunali oila modeli sifatida qanday oila nazarda tutilishi aniqlandi.

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, quyidagi mezonlarga javob beruvchi oilalar zamonaviy-namunali oila sanaladi:

  • qonuniy nikohdan o‘tganlik;
  • oilaning to‘liqligi (ota ham, ona ham bor);
  • 3 nafardan kam bo‘lmagan farzandga egalik;
  • ota-onalar va farzandlarning oliy ma'lumotga va ishga egaligi;
  • bobo va buvi bilan istiqomat qilish;
  • farovon turmush sharoitiga egalik;
  • jismonan sog‘lom bo‘lishga e'tibor beruvchi;
  • ma'naviy-psixologik sog‘lom muhit;
  • farzandlarni milliy qadriyatlar asosida tarbiyalovchi oila.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bu haqda 13 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «Oila» markazi direktori o‘rinbosari Dilbar Alimjanova ma'lum qilgan.

Anjumanda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida ham ma'lumot berildi.

Xususan, 2019 yilning o‘tgan 9 oyi davomida ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan xotin-qizlarning 6 ming 734 nafariga tibbiy, 18 ming 717 nafariga 12 mlrd 6 mln so‘m qiymatida moddiy yordam ko‘rsatilgan.

«Nogironligi bo‘lgan 5 ming 39 nafar xotin-qizga nogironlik aravachalari hamda boshqa reabilitatsiya vositalari olib berildi. Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida 1 ming 454 nafar xotin-qiz uchun uy-joy summasining boshlang‘ich badali to‘lab berildi», – dedi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Zulayho Mahkamova.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top