12:48 / 14.11.2019
1
3874

Biznes-ombudsman va uning devoni xodimlari faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilandi

Foto: Twitter /ufas18

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va uning devoni xodimlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilandi.

“Ba'zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun davlat rahbari tomonidan imzolandi.

Oliy Majlis Senati a'zosi Xolijon Komilovning yozishicha, Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining 11 ta qonuni hamda 7 ta kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. Jumladan, Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil vazifalari hamda vakolatlari doirasi kengaytirilishi, uning devoni faoliyati isloh qilinishi munosabati bilan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil va uning devoni xodimlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilangan.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi Qonunda tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatini tekshirishni va nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruv qonuniyligini nazorat qilishni muvofiqlashtirish vazifasi nazarda tutilgan. Shuningdek, ma'muriy javobgarlikni keltirib chiqaradigan qonun hujjatlari buzilgan holatlar bo‘yicha ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalar tuzish huquqi belgilangan.

Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning, shuningdek, iqtisodiy va ma'muriy sudlarning kuchga kirgan qarorlari ustidan kassatsiya va nazorat tartibida shikoyat qilish bo‘yicha huquqi ham qayd etilgan.

Bundan tashqari, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatida tekshiruvlar qonuniyligi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish orqali tadbirkorlik sub'yektlari faoliyati tekshirilishini muvofiqlashtirishda Savdo-sanoat palatasining ishtiroki belgilanishi munosabati bilan “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi Qonunga tegishli o‘zgartish kiritilgan.

“Urug‘chilik to‘g‘risida”gi Qonunga Qishloq xo‘jaligi vazirligining bu sohadagi vakolatlarini kengaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. Shu tufayli O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi va uning bo‘linmalari Urug‘chilikni rivojlantirish markazi etib qayta tashkil etilib, Qishloq xo‘jaligi vazirligi ixtiyoriga o‘tkazildi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top