18:20 / 14.11.2019
1
5475

MIB: aliment majburiyatlari bajarilishini masofaviy monitoring qilish bo‘yicha tizim yaratish taklif etilmoqda

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni loyihasi yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.

Brifingda hozirda MIB ijrochilarining ish hajmi mavjud normativlardan 16 baravar ko‘pligi, ish yurituvidagi ijro hujjatlarining qariyb 60 foizini sudlar va boshqa vakolatli organlarning jismoniy shaxslardan ma'muriy jarima, soliq qarzi va davlat boji undirish haqidagi hujjatlar tashkil etishi, bu kabi ijro ishlari murakkab ijro harakatlarini talab qilmasligi ta'kidlab o‘tildi. 

Ushbu mexanizm yo‘lga qo‘yilishi bilan davlat ijrochilarining ish hajmi optimallashtirilishi, ijro samaradorligi ortishi, MIB xodimlari va qarzdorlar o‘rtasida keskinlikka barham berilishi, yuzaga kelayotgan e'tirozlarning oldi olinishi, murakkab turdagi ijro hujjatlari ijro etilib, davlat budjetiga tushumlar miqdori oshishiga olib kelishi kutilayotgani ta'kidlandi.

Hozirda MIBga kelib tushayotgan ijro masalasiga oid murojaatlarning qariyb 60 foizidan ortig‘ini aliment masalalari tashkil etmoqda va bu turdagi ijro ishlarining nazoratini o‘z vaqtida olib borish, ijro etish samaradorligini talab etmoqda.

Shu bois, aliment majburiyatlari bo‘yicha yagona bank hisob raqamini joriy etish hamda aliment majburiyatlari bajarilishini masofaviy monitoring qilish bo‘yicha tizim yaratish taklif etilmoqda.

Unga ko‘ra, aliment undirish to‘g‘risidagi har bir ijro hujjati bo‘yicha yagona hisob raqamda alohida sub hisob raqamlar ochiladi. Ushbu sub hisob raqamlarda aliment bo‘yicha mablag‘larning harakati amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, barcha aliment to‘lovlari, shu jumladan ish haqidan ushlanmalar yagona hisob raqam orqali amalga oshirilishi hamda undiruvchilar aliment pullarini tegishli sub hisob raqamlardan cheklovlarsiz olish imkonini yaratishi haqida ma'lumot berib o‘tildi.

Shu singari, MIBga vakolatli organning ma'muriy jarima qo‘llash to‘g‘risida qarori yuborilayotganida, qarorni huquqbuzarga topshirilganini asoslovchi hujjat majburiy tartibda ilova qilinishi taklif etilmoqda.

Ushbu mexanizm yo‘lga qo‘yilishi bilan ma'muriy jarima undirish to‘g‘risidagi qarorlarni MIB organlariga yuborishda ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks normalariga qatiy rioya etilishi ta'minlanishi, ma'muriy jarimalar ixtiyoriy to‘lab borilishi, davlat ijrochilari va fuqarolar o‘rtasida ziddiyatlar va asossiz noroziliklar kamayishiga erishilishi ta'kidlab o‘tildi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top