07:56 / 14.11.2019
4
18974

Non kompensatsiyasiga qancha mablag‘ ajratilgani ma'lum qilindi

Foto: Moliya vazirligi

Non kompensatsiya to‘lovlari uchun 2019 yilda respublika budjeti hisobidan 604 mlrd. so‘m (63 mln dollar) ajratilgan. Bu haqda Moliya vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, respublika bo‘yicha jami 1,7 mln. nafar fuqaroga to‘lanayotgan pul kompensatsiyasi miqdori oshirildi.

Shuningdek, pul kompensatsiyasi oluvchi toifalar soni 2 taga ko‘payib, 11 toifaga yetkazildi, ya'ni 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab qo‘shimcha ravishda 64,9 ming nafar fuqaro hamda 218,1 mingta oilaga ilk marotaba pul kompensatsiyasi joriy qilindi.

Kompensatsiya oluvchilar soni qancha?

Pensiya jamg‘armasi orqali pul kompensatsiyasi oluvchilar soni 1,4 mln. nafarni tashkil etdi. Mahalla fuqarolar yig‘inlari orqali pul kompensatsiyasi oluvchilar soni 514,4 ming nafarni tashkil etmoqda.

Bugungi kunga kelib pul kompensatsiya oluvchi aholi qatoriga qo‘shimcha ravishda ikki toifa qo‘shilishi natijasida pul kompensatsiyasi oluvchilari soni 18,5 foizga oshib, 2,0 mln. nafarni tashkil etmoqda.

Kompensatsiya to‘lovi uchun qancha mablag‘ sarflanmoqda?

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan shu yilning oktabr-dekabr oylarida pul kompensatsiyalarini yangi miqdorlarda to‘lash uchun, qo‘shimcha tarzda 189 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi (Pensiya jamg‘armasi tomonidan tayinlangan pensiya va nafaqa oluvchilari uchun 125 mlrd. so‘m va mahallalar tomonidan tayinlanadigan nafaqalar va moddiy yordam oluvchilar uchun 64 mlrd. so‘m).

Umumiy hisobda non kompensatsiyalari to‘lovi uchun 2019 yilda respublika budjeti hisobidan 604 mlrd. so‘m ajratilgan.

Kompensatsiya to‘lovi qanday amalga oshirildi?

Pensiya jamg‘armasi tomonidan 3 oktabr sanasida oktabr oyi pul kompensatsiyasi uchun (22 300 so‘mlik miqdorda) to‘lov vedomostlari shakllantirilib, Xalq banki va tijorat banklari tomonidan to‘lovlar amalga oshirilganligi sababli, oshgan miqdorlari farqi (ya'ni, 27 700 so‘m) bo‘yicha 15 oktyabrda qo‘shimcha vedomostlar tuzilib, oyning 27 sanasiga qadar to‘lanishi ta'minlandi.

Shuningdek, kompensatsiya to‘lovi yangi joriy etilgan eng kam yoshga doir pensiya (436 150 so‘m) miqdorida pensiya oluvchilarga 2019 yil 1 oktyabrdan kompensatsiyalar tayinlanib, noyabr oyi vedomostiga 100 000 so‘m miqdorida (ya'ni, oktabr va noyabr oylari uchun 50 000 so‘mdan) kiritildi.

Bildirilishicha, pul kompensatsiyalari pensiya va nafaqa to‘lovlari bilan bir vaqtda amalga oshirilmoqda.

Mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan tayinlangan nafaqa va moddiy yordam oluvchi oilalarga oktabr oyida 22 300 so‘m miqdorida pul kompensatsiyalari to‘langan hamda oshgan miqdorlari farqi noyabr oyi bilan birga 77 700 so‘m miqdorida to‘langan (ya'ni, 27 700 so‘m oktabr oyi uchun qo‘shimcha va noyabr oyi uchun 50 000 so‘m).

Shuningdek, kompensatsiya to‘lovi yangi joriy etilgan 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa oluvchi oilalarga 2019 yil 1 oktyabrdan kompensatsiyalar tayinlanib, noyabr oyi vedomostiga 100 000 so‘m miqdorida (ya'ni, oktabr va noyabr oylari uchun 50 000 so‘mdan) kiritildi.

Mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan tayinlangan nafaqa va moddiy yordam oluvchi fuqarolarga pul kompensatsiyalari joriy yilning 10 noyabr sanasiga qadar to‘liq to‘lanishi ta'minlangan.

Kompensatsiyalar qanday nazoratga olingan?

Pensiya jamg‘armasida pensiya va nafaqa oluvchilarning yagona elektron bazasi yaratilgan bo‘lib kompensatsiya olish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolarga pul kompensatsiyalar avtomatik ravishda tayinlanadi.

Shuningdek, har oyning 3 sanasiga qadar to‘lov vedomostlari dasturiy majmua orqali shakllantirilib, tijorat banklari hamda Xalq bankiga elektron shaklda yuboriladi. Bank plastik kartlari orqali oluvchilarning hisob raqamlariga kompensatsiyalar inson omilisiz har oyning boshida avtomatik ravishda yuklanadi.

To‘lovlarni naqd pul shaklida oluvchilarga kompensatsiyalar Xalq banki sayyor kassalari tomonidan pensiya va nafaqalar bilan birga yetkaziladi. Bunda, fuqaroga kompensatsiya to‘langanda Xalq banki sayyor kassasi xodimi tomonidan dasturiy majmuaga ma'lumot kiritiladi hamda Pensiya jamg‘armasi tomonidan avtomatik ravishda pensionerning telefon raqamiga bu haqda SMS xabar yuboriladi. Bu orqali fuqaroga SMS xabar kelgan biroq, kompensatsiya to‘lanmaganligi holatlari aniqlanadi.

Bundan tashqari, Pensiya jamg‘armasi tomonidan har oyda navbatga asosan pensiya va nafaqa oluvchilar fuqarolar bilan uchrashib, to‘lov holatlari monitoringdan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Monitoringlarda aniqlangan holatlar bo‘yicha hujjatlar o‘rnatilgan tartibda chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga berib boriladi.

Shu bilan birga, pul kompensatsiya to‘lovi bilan bog‘liq savollar bo‘yicha Pensiya jamg‘armasi (1140 raqamli) yoki Xalq bankining (1106) «Ishonch telefon»lariga murojaat qilish mumkin.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top