15:30 / 14.11.2019
1
3596

Oliy Majlisda «Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokama etildi

Bugun, 14 noyabr kuni, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan majlis bo‘lib o‘tdi.

Unda parlament tarixida bu yil ilk marta Davlat budjeti qonun sifatida qabul qilinayotgani alohida ta'kidlandi. Respublikaning bosh moliyaviy hujjatini taqdim etish amaliyotda birinchi marta «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonun loyihasi va 2020-2022 yillarda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari prognozi berilmoqda.

Majlisda moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ushbu qonun loyihasi mohiyati to‘g‘risida ma'ruza qildi. Ta'kidlanishicha, 2020 yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi keyingi yillarda ijobiy dinamikasini saqlab qolgan va u 5,5 foiz bo‘lishi kutilyapti. Sanoat ishlab chiqarishi hajmi 6,5 foiz, qurilish 9,3 foiz, qishloq xo‘jaligi 4 foiz, xizmatlar sohasida 5,6 foiz ko‘payadi. Asosiy kapitalga investitsiyalar 10 foiz, tovarlar va xizmatlar eksporti va import 8 foiz o‘sadi.

Qonun loyihasi konsepsiyasiga ko‘ra, respublika budjeti Oliy Majlis tomonidan, mahalliy budjetlar esa mahalliy Kengashlar tomonidan qabul qilinishi belgilanmoqda. Xarajatlar sohalar bo‘yicha emas, vazirlik va idoralar kesimida tasdiqlanadi.

Shuningdek, majlis davomida deputatlar Moliya vaziriga qonun loyihasi bo‘yicha savollar bilan murojaat qilib, bir qancha takliflar berishdi. Qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi va ikkinchi o‘qishda qayta ko‘rib chiqishga qaror qilindi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top