09:42 / 14.11.2019
0
7238

O‘zbekistonda tashqi reklama bozori: eng muhim jihatlar

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi respublikada reklama bozorini tartibga soluvchi mavjud normativ-huquqiy baza bo‘yicha eng ko‘p berilayotgan savollarga javob qaytardi.

Reklama bozori qaysi organ tomonidan tartibga solinadi?

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Iste'molchilar huquqlarini himoya qilishning huquqiy va institutsional tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga binoan Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi tuzilgan. Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi iste'molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirishni amalga oshiruvchi vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Agentlikning asosiy vazifasi – iste'molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solishda yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishdan iborat.

Bugungi kungacha reklama qonunchiligi masalasi bilan qaysi organ shug‘ullangan?

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish Agentligini tashkil etilishi bilan reklama sohasida yagona davlat organi tuzildi.

Joriy yilning yanvar oyiga qadar ushbu funksiyani O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bajargan.

O‘zbekistonda reklama bozori rivojlanmoqdami?

2018 yil 1 dekabr holatiga O‘zbekistonda reklama konstruksiyalarining soni 9 605 ta bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilning 1 sentyabr holatiga ularning soni 10 170 tani tashkil etgan.

Statistika ma'lumotlariga ko‘ra, respublika tashqi reklama bozori rivojlanmoqda va uning reklama bozoridagi ulushi 22 – 25 foizgacha tashkil etmoqda, xuddi shu ko‘rsatkich jahon bozorida taxminan 5-7 foizga teng.

“Reklama to‘g‘risida”gi qonunga tuzatishlar kiritish kerakmi?

O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni 1998 yilda qabul qilingan bo‘lib, mana 20 yildan beri unga amal qilib kelinmoqda. Tabiiyki, unga tegishli tuzatishlar kiritish vaqti kelgan.

Shu munosabat bilan, bugungi kunda “Reklama to‘g‘risida”gi qonunni rivojlangan bozorning yangi talablariga mos keladigan yangi tahriri ishlab chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi bevosita ta'sir ko‘rsatadigan qonun sifatida ishlab chiqilib, unda quyidagilar nazarda tutilgan:

Qonunning asosiy vazifalari va tatbiq etish sohalarini yanada kengaytirish;

yangi asosiy tushunchalar;

reklama sohasida Vazirlar Mahkamasi, vakolatli organ va nodavlat tashkilotlarning qo‘shimcha vakolatlari;

reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini tahlil etish tartibi, shuningdek reklamani reklama to‘g‘risidagi qonun talablariga muvofiqligini ekspertizadan o‘tkazish;

reklama faoliyati sub'yektlarining huquqlari va majburiyatlari;

reklamaga nisbatan umumiy va maxsus talablar, xususan, reklamadagi yangi taqiqlovchi normalar va reklamani ishlab chiqarish, tarqatish va joylashtirishda voyaga yetmaganlarni himoyalashga bo‘lgan talablarni ko‘paytirish;

homiylik bo‘yicha talablar bilan bir qatorda, reklama sohasidagi hamkorlik uchun normalarni kiritish;

reklama vositalarining alohida turlariga, xususan, televideniyeda reklama, telekommunikatsiya tarmoqlaridan foydalangan holda transportdagi reklama, shuningdek tashqi reklama va tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatishga nisbatan talablar;

tovarlarning alohida turlariga, ya'ni dori vositalari, biologik va oziq-ovqat qo‘shimchalari, bolalarga mo‘ljallangan oziq-ovqatlar, alkogolli ichimliklar, tamaki va tamaki mahsulotlari, chilim, elektron sigaretlar, pirotexnika vositalari. Qurol-yarog‘ va harbiy xizmat uchun mo‘ljallangan mahsulotlarni reklama qilish nisbatan mavjud talablarni yanada kengaytirish;

yuridik shaxslarning reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzishiga nisbatan javobgarligini tiklash, shuningdek qonunchilikning alohida normalarini buzganlik uchun yangi dispozitsiyalar va sanksiyalar.

Mazkur qonun loyihasi tegishli vazirlik va idoralarning, shuningdek reklama bozori sub'yektlarining takliflarini hisobga olgan qayta ishlab chiqildi va kelishish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi №702-sonli qarori qanday maqsadda qabul qilindi?

Reklama bozorida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, respublika aholi punktlari qiyofasini yaxshilash, shuningdek, tashqi reklama sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi №702-sonli “Tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.

Ushbu qaror bilan bir qator yangiliklarni kiritish taklif qilingan. Xususan, yangi joylar ro‘yxatini tuzish (avval sub'yektlar o‘zlari qidirishgan), ochiq elektron savdolar orqali tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish huquqini olish (avval sababsiz rad etishlar yoki “alohida to‘lov” evaziga ruxsat berish xollari mavjud edi), tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) yer uchastkalarida 10 yilgacha muddatga, davlat mulki bo‘lgan binolar va inshootlarda 5 yilgacha muddatga joylashtirish huquqini berish (avval muddat ko‘rsatilmas va istalgan vaqtda hokimiyatlar tomonidan bekor qilinishi mumkin edi).

Ushbu yangiliklar tizim shaffofligini ta'minlash va mazkur bozorga yangi sub'yektlarni kirishiga qulayliklar yaratish maqsadida joriy etildi.

Ma'lumot uchun:

• 2018 yilning 26 sentyabr holatiga Toshkent shahrida 453 ta sub'yektning 6227 ta konstruksiyalarga pasporti bor;

• 453 ta sub'yekt ichida 10 ta kompaniya hissasiga 3244 (yoki 52,1%) ta konstruksiya to‘g‘ri keladi;

• 282 tadbirkorlar (kompaniyalar) yoki 62,2% bittadan (213) yoki ikkitadan (59) konstruksiyalarga ega;

• 39 yakka tartibdagi tadbirkorlar 1128 (18,1%) konstruksiyaga ega;

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida qanday yangi tartiblar ko‘zda tutilgan?

Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori loyihasida barcha zaruriy normalar (tashqi reklama bozori monitoringi va auditi, noqonuniy reklamani oldini olish yoki uni qonuniyligini ta'minlash) nazarda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasining 702-sonli qarorida quyidagilarni tasdiqlash nazarda tutilgan Hukumat qarori loyihasini tayyorlash topshirilgan:

tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini), shu jumladan binolarning tashqi qurilmalari va fasadlarini qurish, ijtimoiy-jamoatchilik faolligi, tarixiy-madaniy qadriyatlarga qarab aniqlanadigan shaharlarning va shahar zonalarining kategoriyasini hisobga olgan holda ruxsat etiladigan toifa va ko‘rinish, dizaynerlik yechimlari va reklama obektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish tartibi;

tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish uchun beriladigan yer uchastkalari, davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlar ro‘yxatini, ularning soni, hajmi va shaharlar yoki shahar zonalari kategoriyasiga muvofiq holda shakllantirish tartibi;

“tashqi reklama” tushunchasini aniqlashtirgan holda tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) yer uchastkalari, davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlarda joylashtirish huquqini elektron auksionlar orqali sotish tartibi;

tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish to‘lovlari miqdorini aniqlash, shu jumladan ijtimoiy yoki tijorat reklama ma'lumotlarini mavjudligidan qat'i nazar, shuningdek, tashqi reklamani joylashtirish uchun yig‘imlarning tabaqalashtirilgan miqdorlarini belgilash tartibi;

tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari) xavfsizligining texnik reglamenti;

muayyan maydonda ruxsat etiladigan reklama konstruksiyalari miqdordan kelib chiqib hisoblanadigan tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari)ni o‘rnatish normativlari.

Tashqi reklama monitoringi kim tomondan amalga oshiriladi?

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasining 4 bandida tumanlar (shaharlar) hokimiyatlariga tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalari) monitoring qilish va tashqi reklamani noqonuniy joylashtirish holatlarini aniqlash topshirilgan.

Mavjud konstruksiyalarni inventarizatsiya qilish bo‘yicha maxsus komissiyalar tuziladimi?

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida mavjud tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) yangi talablarga muvofiq inventarizatsiya qilish bo‘yicha maxsus ishchi guruhlarini tuzish ko‘zda tutilgan.

Inventarizatsiya natijalariga ko‘ra komissiya quyidagilarni ta'minlaydi:

inventarizatsiya yakuni bo‘yicha tashqi reklama obektlari (konstruksiyalari) ularni joylashtirish bo‘yicha amalda bo‘lgan normativlarga mosligi to‘g‘risidagi xulosani;

ushbu qaror talablariga mos kelmaydigan joylashtirilgan tashqi reklama obektlarini (konstruksiyalarini) pasportlarini, guvohnomalarini, qarorlarni va boshqa o‘rnatish huquqini beruvchi hujjatlarni, shu jumladan qalbaki hujjatlarni sud tartibida bekor qilish.

Kim nimaga javob beradi?

Amaldagi qonunchilikka muvofiq Agentlik kontent uchun javob beradi, ya'ni, tashqi reklama vositalarida joylashtiriladigan reklama reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga javob berishi kerak.

Butun dunyo bo‘yicha, xususan MDH davlatlarida tashqi konstruksiyalarni o‘rnatish uchun ruxsat berish bilan mahalliy hokimiyat organlari (meriyalar) yoki reklama masalalari bo‘yicha alohida munitsipalitetlar shug‘ullanadi. Ular ushbu maqsadlarda davlat xazinasidan pul mablag‘larini oladilar.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi №702-sonli qarorining 1 bandiga muvofiq, tashqi reklamani joylashtirish huquqini berish bo‘yicha shartnomalar tuzishni tuman (shahar) hokimliklari amalga oshiradi, tashqi reklamani joylashtirish huquqini berish uchun yig‘imlarning 90 foizi tuman (shahar) budjetiga yo‘naltiriladi.

Prezidentning 2018 yil 17 avgustdagi PQ-5515-sonli “Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy eksperiment to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq (3-ilovasi), Toshkent shahar hokimiyatining tugatilgan reklama-axborot komissiyasining funksiyalari Toshkent shahrining Bosh qurilish boshqarmasiga berilgan.

Toshkent shahrida tashqi reklama vositalarini joylashtirish va uni nazorat qilish Toshkent shahar hokimiyatining Reklama-axborot faoliyati bo‘yicha komissiya tomonidan amalga oshiriladi.

Avval konstruksiyalar qanday o‘rnatilar edi?

O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuning 20 moddasiga muvofiq, tashqi reklamani joylashtirish tartibi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida belgilanishi ko‘rsatilgan. Xususan, Toshkent shahrida mazkur Tartib hokimning 2007 yil 26 dekabrdagi №1148-sonli qarori bilan tasdiqlangan. Ushbu Tartibga muvofiq, tashqi reklama konstruksiyasi reklama joyini texnik-hujjat pasportini tayyorlash va kelishish uchun eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdorida haq to‘langandan so‘ng (3.1.3 bandning ikkinchi xatboshi) joylashtirilgan. Ya'ni, reklama konstruksiyasini joylashtirish uchun sub'yekt 202,0 ming so‘m to‘lagan (bugungi kun hisobida).

Auksionlarda qanday “joylar” sotuvga qo‘yiladi?

Birinchidan, auksionda faqat yangi joylar sotiladi, eski joylar auksionga qo‘yilmaydi, ya'ni, 2018 yilning 1 dekabri holatiga qonuniy o‘rnatilgan konstruksiyalar bundan mustasno.

Ikkinchidan, auksion ishtirokchisi qanday ko‘rinishdagi konstruksiyalarni o‘rnatish huquqiga egaligini oldindan bilish imkoniyatiga ega.

Uchinchidan, barcha konstruksiyalar, shu jumladan svetdiodli (led) ekranlar yo‘l harakati xavfsizligi qoidalariga javob berishi va tumanlar (shaharlar) aholisini hordiq chiqarishiga xalaqit bermasligi kerak.

Reklama eskiziga ruxsat olish kerakmi?

O‘tgan yilning iyun oyidan e'tiboran, tashqi manbalarga reklamani joylashtirish hech qanday kelishuvlarsiz amalga oshirilmoqda. Buning uchun ruxsat olish taklifi aynan Qo‘mita tomonidan berilgan bo‘lib, maqsad – reklama bozorida raqobatni rivojlantirish bo‘lgan. Ma'lumot uchun, bugungi kunga kelib, reklamani tarqatish uchun bitta ham ruxsat olinmagan. Faqat tashqi reklama eskizlariga davlat va nodavlat organlarining vakolatli mutaxassislari tomonidan “ruxsat” olgan. Ba'zi holatlarda reklama qilinayotgan shaxslarni tekshirish maqsadida ushbu eskizlar oylab ushlab turilgan.

Transport vositalaridagi reklama tartibga solinadimi?

O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 21 moddasiga muvofiq, reklama transport vositalarida, shu jumladan, metropolitenda faqat ularning egalari yoki mulkdorlari bilan kelishilgan holda hamda xavfsizlik talablari va yo‘l harakati qoidalariga muvofiq joylashtirilishi mumkin.

Ya'ni, transport tashqi reklama obekti hisoblanmaydi – sababi u doimo harakatlanadi, tashqi reklama esa faqat barqaror (harakatlanmaydigan) joylarda joylashtiriladi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top