10:15 / 14.11.2019
0
4622
Sardor Umrzoqov: «Turizm iqtisodiy o‘sish, ish o‘rinlari va biznes uchun kuchli vositaga aylanishi kerak» 

Toshkentda Osiyo taraqqiyot banki va Investitsiyalar va Tashqi savdo vazirligi tomonidan tashkillashtirilgan Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining (MOMIH) vazirlar darajasidagi konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Kun.uz muxbirining xabar qilishicha, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov so‘zga chiqdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, turizm sohasiga xususiy sektorning jalb etilishi muhim ahamiyatga egadir.

«Turizm barqaror iqtisodiy o‘sishga ko‘maklashish, ish o‘rinlari va biznes uchun imkoniyatlar yaratishda kuchli vositaga aylanishi kerak. Turizm sohasiga investitsiyalar jalb qilish uchun qulay sharoitlarning yaratilishi, xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bu jarayonda muhim ahamiyatga ega», - dedi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri.

Konferensiya davomida ishtirokchilar tomonidan MOMIH 2030 Transport strategiyasi va MOMIH 2030 Energiya strategiyasi tasdiqlanishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, MOMIHning asosiy maqsadi to‘rtta ustuvor sohada, jumladan, transport infratuzilmasi, bojxona hamkorligi, savdo siyosati va energetika sohasida mintaqaviy va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish orqali Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashishdir.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top