15:40 / 14.11.2019
5
28469

Uyini davlatga topshirib, evaziga hech narsasiz qolgan fuqaro 3 yildan buyon sarson. Ishni shahar prokurori Bahriddin Valiyev nazoratga oldi

2016 yili Toshkent shahrining Olmazor, Shayxontohur va Sergeli tumanlarida joylashgan hovli-joylar buzilgan, egalariga xohishlaridan kelib chiqib yer yoki kvartiralar berilgan. Kompensatsiya to‘lovini to‘lab berish mahalliy budjetga yuk bo‘lmasligi uchun shahar hokimligi kimda-kim uyi buzilgan fuqarolarga 2 xonali uy olib beradigan bo‘lsa, unga Toshkent viloyatidan 5 sotix yer berilishi haqida gazetalarda e'lon bergan, tuman kadastr bo‘limi xodimlari uyma-uy yurib, odamlarni bundan unumli foydalanishga targ‘ib qilgan.

Bu taklif ayni paytda Yashnobod tumanida yashayotgan Olim Rahimovga ham ma'qul kelib, u uyi buzilgan katta bir oilaga Sergeli tumanidan 4 xonali uy olib beradi. Evaziga unga Toshkent shahar hokimining 2016 yil 10 maydagi 416-sonli qarori bilan Toshkent viloyati, Zangiota tumani, «Xonobod» qishloq fuqarolar yig‘ini hududidan har biri 5 sotixli ikkita yer uchastkasi beriladi. Rahimovning davlat ixtiyoriga topshirilgan Sergelidagi kvartirasi esa uyi buzilgan fuqarolardan biriga kompensatsiya sifatida taqdim etiladi.

Biroq oradan 3 oy o‘tgandan keyin Rahimovga berilgan yer maydoni Zangiota tumani hokimining 10.06.2012 yildagi 410-sonli qaroriga ko‘ra 10 yilga «FARM KOREA» MChJga ijaraga berilgani haqidagi shartnoma paydo bo‘lib qoladi. Fuqaro murojaatidan so‘ng Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan 2017 yil 22 dekabrda Zangiota tumani hokimining 2012 yil 10 iyundagi 410-sonli va 2017 yil 3 iyundagi 1230-sonli qonunga zid qarorlariga protest kiritilib, 2018 yil 3 fevralda ushbu qarorlar bekor qilinadi. Ammo Zangiota tumani hokimining 170-sonli qarori bilan yer O.Rahimovga emas, balki tuman hokimligi zaxirasiga qaytariladi.

Vaholanki, har biri 5 sotixli 65 va 66-sonli yer uchastkalari 2016 yilning 11 noyabrida Toshkent viloyati yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasining Zangiota tumanidagi filiali tomonidan umrbod egalik qilish huquqi asosida Olim Rahimov nomiga rasmiylashtirilgan. Bu haqda tegishli kadastr yig‘ma jildi hujjatlari shakllantirilib, belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan hamda TO 0047057 va TO 0047051 raqamli guvohnomalar berilgan. Bu guvohnomalar, shuningdek, Toshkent shahar hokimining 2016 yil 10 maydagi 416-sonli qarori haligacha qonuniy kuchida, hech qaysi vakolatli davlat organi tomonidan bekor qilinmagan. Buni Toshkent shahar prokuraturasi, shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi, shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi tomonidan fuqaroning shu mazmundagi murojaatiga berilgan javob xatlari ham tasdiqlaydi. Bu esa Rahimovning mulkka egalik huquqini to‘la kafolatlaydi.

Olim Rahimov

Yer nega qonuniy egasiga qaytarilmayapti?

Savol tug‘iladi: Yer «FARM KOREA» MChJga ijaraga berilishi rasman noqonuniy deb topilgan ekan, nega u qonuniy egasiga qaytarilmayapti?

Gap shundaki, Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan Zangiota tumani hokimining 2012 yil 10 iyundagi 410-sonli va 2017 yil 3 iyundagi 1230-sonli qonunga zid qarorlariga protest kiritilib, ushbu qarorlar bekor qilingach, viloyat prokuraturasi Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudiga 4 gektar maydonda qurilish me'yorlariga amal qilmasdan va belgilangan tartibda ruxsat olmasdan qurilgan issiqxona va boshqa inshootlarni «FARM KOREA» MChJ hisobidan buzish haqida da'vo arizasi kiritgan. Toshkent viloyati iqtisodiy sudining 2018 yil 15 martdagi hal qiluv qarori bilan ushbu da'vo rad etilib, bu ham yetmaganday, prokuraturaning protesti orqali bekor qilingan 2018 yil 3 fevraldagi 169-, 170-sonli qarorlari bekor qilinadi. Natijada Zangiota tumani hokimining 2012 yil 10 iyundagi 410-sonli va 2017 yil 3 iyundagi 1230-sonli qonunga zid qarorlari yana kuchga kirdi.

Prokuratura nega protest bergan edi?

Zangiota tumani hokimining 2012 yil 10 iyundagi 410-sonli qarori bilan tumandagi Xonobod qishlog‘i hududidagi «G‘ofur Diyor» fermer xo‘jaligiga qarashli yerdan uchun 4 gektar sug‘oriladigan yer maydoni «FARM KOREA» MChJga qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish uchun qisqa muddatli ijara asosida ajratilgan.

Prokuratura organlari tomonidan o‘tkazilgan tekshirish davomida ushbu qaror «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonun va boshqa qonunchilik aktlari talablariga zid ravishda qabul qilingani aniqlangan. Bu Rahimovning murojaatiga Toshkent shahar prokuraturasining 2017 yil 17 sentyabrdagi javob xatida qayd etilgan.

Yerni ijaraga berishda aynan qaysi qonunchilik me'yorlari buzilgan?

Yer kodeksining 53-moddasida fermer xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkalari berish tartibi belgilab berilgan. Unga ko‘ra, ijaraga beriladigan yer uchastkalari ellik yilgacha bo‘lgan, lekin o‘ttiz yildan kam bo‘lmagan muddatga ochiq tanlov asosida beriladi. Bu norma sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlar uchun asos hisoblanadi va yer uchastkalarini yuridik shaxslarga, jumladan, mas'uliyati cheklangan jamiyatlarga ijaraga berishda ushbu me'yorga amal qilinadi.

Biroq 2016 yil 30 avgustda «FARM KOREA» MChJ va Zangiota tumani hokimligi o‘rtasida tuzilgan I-109-sonli ijara shartnomasida jamiyatga berilgan 4 gektar yer maydoni 10 yil muddatga ijaraga berilgan. Na tender tanlovi o‘tkazilgan va na yerni ijaraga berish tartibiga amal qilingan.

«Sud qo‘limizdagi dalillarni inobatga olmayapti!»

«2018 yil 15 mart va 6 sentabr kunlari bo‘lib o‘tgan sud ishi bizning ishtirokimizsiz ko‘rildi, qanday qilib nizoli yer uchastkasining qonuniy egasi sudga chaqirilmasligi mumkin? Qolaversa, sud tegishliligi bo‘yicha fuqarolik sudida emas, balki iqtisodiy sudda ko‘rilgani juda qo‘pol protsessual qonun buzilishi hisoblanadi», – deydi Rahimovning advokati Ne'mat Sherdonayev.

Fuqarolik protsessual kodeksining 26-moddasida belgilanishicha, taraflardan bittasi fuqaro bo‘lsa, bunday nizolar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ko‘riladi.

Kodeksning 27-moddasiga ko‘ra, sudga taqdim etilgan ishlar o‘zaro bog‘liq bo‘lib, ba'zilari fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga, ba'zilari esa iqtisodiy sudga taalluqli bo‘lgan bir nechta talab birlashtirilganda, barcha talablar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda ko‘rilishi kerak.

«Biroq qonunda ochiq-oydin belgilab qo‘yilganiga qaramay bizning ishimiz Toshkent viloyati iqtisodiy sudida ko‘rilgan, bundan biz sud o‘tib ketganidan bir necha oy o‘tib xabar topganmiz», – deydi Olim Rahimov.

Eng qizig‘i, Yer kodeksining 31-moddasida yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi joyning o‘zida chegaralar belgilanganidan, yer uchastkalarining planlari (chizmalari) va tavsiflari tuzilib, yer uchastkalariga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatiga olinganidan keyin vujudga kelishi mustahkamlab qo‘yilgan.

«Biz amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yerga egalik huquqini qo‘lga kiritganmiz. Qo‘limizda vakolatli davlat idoralari tomonidan berilgan mulkka egalik huquqimizni tasdiqlovchi hujjatlar bor va ular qonuniy kuchida. Biroq qo‘limizdagi dalillar va qonuniy egalik huquqimizni inobatga olmayapti-da, qonunchilikka zid shartnoma tan olinyapti. Zangiota tumani hokimligi va MChJ o‘rtasida amaldagi qonun me'yorlarini chetlab o‘tgan holda tuzilgan ijara shartnomasi Yer kodeksida belgilangan norma asosida berilgan hujjatdan ustun bo‘lib chiqmoqda», deydi advokat.

Qonun barcha joyda bir xil emasmi?

«Toshkent shahar prokuraturasi Zangiota tumani hokimligi tomonidan 4 gektar yer maydonining «FARM KOREA» MChJga 10 yilga ijaraga berilishini noqonuniy deb e'tirof etyapti va Toshkent viloyati prokuraturasiga tuman hokimining tegishli qarorlarini bekor qilish bo‘yicha taqdimnoma kirityapti. 2018 yil 15 martida o‘tkazilgan Toshkent viloyati iqtisodiy sudi hamda  2019 yilning 6 sentabr kuni Toshkent shahar iqtisodiy sudida bo‘lib o‘tgan kassatsiya instansiyasi sudi sudyalari buning aksini aytmoqda. Prokuratura qonun Rahimov tomonida desa, sud «FARM KOREA» MChJ haq demoqda. Mamlakat bitta, qonun bitta, ammo masalaga yondashuv, chiqarilayotgan qaror turlicha. Bundan esa qonunni buzmasdan amaldagi qonunlarga asosan harakat qilgan fuqaro – mijozim Olim Rahimov jabr ko‘rmoqda», deydi advokat.

Bosh prokuror va shahar hokimi fuqaroni qabul qilmayapti

Olim Rahimovning murojaatini o‘rganib chiqqan Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi fuqaroning huquqlari buzilganini e'tirof etib, markaz direktori Akmal Saidov imzosi bilan O‘zbekiston Bosh prokurori va Toshkent shahar hokimiga O.Rahimovni tegishli mutaxassislar ishtirokida shaxsan qabul qilishni so‘rab rasmiy xat yuboradi. Xatda, shuningdek, fuqaroning buzilgan huquqlarini tiklash, yillar davomida yechimini topmasdan kelayotgan muammoni qonuniy hal etish so‘ralgan.

«Shundan so‘ng Nig‘matilla Yo‘ldoshev hamda Jahongir Ortiqxo‘jayevning qabuliga kirish uchun bir necha marta murojaat qildik. Biroq na bosh prokuror va na Toshkent shahar hokimi meni qabul qildi. Hech bo‘lmasa ushbu idoralarda ishlovchi birorta mutaxassis men bilan uchrashib, dardimni tinglagani yo‘q», deydi Olim Rahimov.

Ma'lum bo‘lishicha, Toshkent shahar hokimligi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazining rasmiy xatiga 2019 yil 10 sentyabrda yo‘llagan javob xatida Olim Rahimovga Sergeli tumani So‘g‘diyona ko‘chasi bo‘ylab hamda Zangiota tumani «Xonobod» QFY, avvalgi «Sultonobod agro» fermer xo‘jaligi hududidan yer uchastkalari taklif etilganini bildiradi.

«Bu yolg‘on! Men bilan shahar hokimligidan hech kim bog‘langani yo‘q, menga boshqa yer uchastkasi taqdim etilmadi. Nahotki bular rasmiy davlat idorasiga yolg‘on ma'lumot taqdim etishdan qo‘rqmasa?!», deydi Olim Rahimov.

Fuqaroning aytishicha, ro‘y bergan holatlardan so‘ng Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaziga buzilgan huquqlarini tiklash masalasida takroran murojaat qilgan. Murojaatida qabuliga kirolmagan mansabdorlar uni shaxsan qabul qilishini yana bir marta so‘ragan. O‘zining bildirishicha, hozircha bu murojaatiga javob kelganicha yo‘q.

«Oxirgi natija shundayki, men hech vaqosiz qoldim. Hozirgi kunda mening 4 xonali kvartiram ham yo‘q. Buning evaziga menga ajratib berilgan yer ham yo‘q. Bor-budimdan ayrilib, huquqni muhofaza qiluvchi davlat idoralarining ostonasida sarson-sargardon bo‘lib yuribman. Huquqimni tiklash maqsadida salkam 4 yildan beri yozmagan idoram, bormagan joyim qolmadi. Natija yo‘q», deb yozadi Olim Rahimov tahririyatga yo‘llagan murojaatida.

Sud «FARM KOREA» mas'uliyati cheklangan jamiyati foydasiga qaror chiqarib bergan bo‘lsa-da, masalaga yakuniy nuqta qo‘yilmagan. Chunki tomonlarda hali sud qarori ustidan shikoyat qilish huquqi bor. Ish so‘nggi instansiyada ko‘rilsagina masalaga uzil-kesil nuqta qo‘yilishi mumkin. Hozircha mulk huquqi Olim Rahimovda. Biroq bugungi qonunan unga tegishli bo‘lgan yerda «FARM KOREA» mas'uliyati cheklangan jamiyati tomonidan katta qurilish boshlab yuborilgan.

Surishtiruv davomida jamiyat mutasaddilari Kun.uz muxbiriga yerga egalik huquqini tasdiqlovchi hech qanday hujjatlarni taqdim eta olishmadi. Barcha hujjatlarimiz bor, deya nizoli yerda qurilayotgan obektning chizmalarinigina ko‘rsatishdi, xolos. Kun.uz muxbiri bilan telefon orqali suhbatda jamiyat hisobchisi berilgan savollarga javoban bu masalada vakolatli emasligini, tez orada huquqshunoslar tahririyat bilan bog‘lanishini aytdi. Biroq o‘tgan vaqt davomida jamiyat nomidan hech kim mazkur masalada aloqaga chiqmadi.

Olim Rahimov mazkur masala bo‘yicha bir necha bor Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning qabuliga kirishga harakat qilgani, biroq urinishlari zoye ketganini aytadi.

Surishtiruv davomida Kun.uz muxbirlari fuqaro bilan birgalikda Toshkent shahar hokimligi va shahar prokuraturasida bo‘lishdi.

Bizni qabul qilgan shahar hokimligi axborot xizmati xodimlari videotasvirga olishimizni istashmadi. Barcha hujjatlardan nusxa olib qolishib, tez orada o‘zlari aloqaga chiqishlarini aytishdi.

Toshkent shahar prokurori Bahriddin Valiyev fuqaro va uning advokatini jurnalistlar ishtirokida qabul qildi va ularning arzini diqqat bilan eshitdi. Shahar prokurori ishni o‘rganib chiqish uchun 10 kun muddat so‘radi va shu yerning o‘zida mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Toshkent shahar prokurori Bahriddin Valiyev

Umid qilamizki, Olim Rahimovning sarsongarchiliklari shu idorada yakun topadi va uni qiynayotgan muammoga yechim topiladi. Zotan, Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zlari bilan aytganda, odamlar hamma narsaga chidashi mumkin, lekin adolatsizlikka chiday olmaydi. Adolatni qaror toptirish, qonun ustuvorligini ta'minlash esa prokuratura organlari zimmasidadir.

Jamshid Niyozov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top