17:57 / 15.11.2019
3
26659

DTM test to‘plamlarini chop etdi – undagi ba'zi savollar keyingi yil imtihonda tushishi mumkin

Shu yil avgust oyida OTMlarga kirish imtihonlarida foydalanilgan testlar asosida barcha fanlardan test to‘plamlari nashr etildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, ushbu test to‘plamlaridagi savollarning ayrimlaridan keyingi yilgi imtihonlarda ham foydalanilishi ehtimoli yo‘q emas.

«Saralash davomida kompyuter tanlab olgan qaysidir savollar keyingi yilgi kirish imtihonlarida qaytarilishi ham mumkin», – deydi Davlat test markazi matbuot kotibi Orziqul Boboyev.

DTM bo‘lim boshlig‘i Jambul Yusupovning so‘zlariga ko‘ra, to‘plamdan foydalanuvchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida onlayn xizmat tashkil qilish ishlari ham olib borilmoqda.

«To‘plamlar orqasida javoblar varaqalari ham chop etilgan bo‘lib, xohlovchilar test savollarini ishlashi va natijasini DTM sayti orqali bilib olishi mumkin. Bu qulaylikdan foydalanish qo‘llanmasi yaqinda saytimizda chop etiladi», – dedi Yusupov 15 noyabr kuni matbuot anjumanida.

Qo‘shimcha qilinishicha, to‘plamlar orqali jamoatchilik savollar bilan tanishish imkoniga ega bo‘ladi, o‘z navbatida DTM ham ular orqali ommaning fikrini bilib boradi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top