16:09 / 15.11.2019
0
14441

Jizzaxda YTH: 32 yoshli fuqaro va 3 yoshli bola halok bo‘ldi

Foto: Tergov departamenti

Jizzax viloyatida yuz bergan YTH oqibatida Cobalt rusumli avtomashina yonib ketdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar qilmoqda.

Aniqlanishicha, 2019 yil 14 noyabr kuni taxminan soat 03:50larda 25 yoshli M.T. boshqaruvidagi Cobalt rusumli avtomashinasida Jizzax viloyati hududidan o‘tuvchi «Toshkent-Termiz» M-39 avtomobil yo‘lining 956-km.da, Toshkent yo‘nalishidan Termiz yo‘nalishiga tirkamasi bilan qayrilib olayotgan 34 yoshli haydovchi A.N.ning boshqaruvidagi MAN rusumli yuk mashinasiga kelib urilib, yo‘l transport hodisasi sodir etgan. 

Xabarda aytilishicha, YTH vaqtida Cobalt rusumli avtomashinasida yong‘in kelib chiqishi oqibatida avtomobil to‘liq yonib ketgan.

Natijada, Cobalt avtomashinasi yo‘lovchilari 32 yoshli S.Ye. hodisa joyida, voyaga yetmagan 3 yoshli A.A. esa Sardoba tuman tibbiyot birlashmasida ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etganlar. Haydovchi M.T. turli tan jarohatlari bilan Paxtakor tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, natijasiga ko‘ra qo‘shimcha axborot beriladi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top