11:29 / 15.11.2019
0
20776

Markaziy bank kartalar banklar tomonidan to‘satdan bloklanishiga izoh berdi

Fuqarolar tomonidan bank kartalari banklar tomonidan bloklanganligi bo‘yicha e'tirozlar bildirilmoqda. O‘zbekiston Markaziy banki ushbu e'tirozlar bilan bog‘liq holatlar yuzasidan maxsus xabarnoma bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, banklar tomonidan fuqarolarga ularning bank kartalari bo‘yicha hisobvaraqlari bloklanganligi yoki xatlanganligi yoxud ushbu hisobvaraqlar orqali amaliyotlar o‘tkazilishi to‘xtatib qo‘yilganligi to‘g‘risida xabarnoma yuborilmasligi, mijozlarga depozit xizmatlari ko‘rsatishdagi insofsiz bank amaliyotlarining elementi hisoblanadi.   

“Markaziy bank nuqtai nazariga ko‘ra, har bir omonatchi (bank kartasi egasi) bank tomonidan depozit xizmatlarini ko‘rsatish shartlari o‘zgarganligi, shu jumladan depozit hisobvarag‘i bloklanganligi yoki xatlanganligi sababli bank unga o‘z vaqtida xabarnoma yetkazishini umid qilishga haqlidir. Bank esa o‘z navbatida, mijozlar bilan o‘zaro munosabatlarni etik xulq-atvor normalarga amal qilgan holda olib borishi hamda ularning hisobvaraqlari bilan bog‘liq amallar to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qilishlari lozim”, - deyiladi xabarnomada.      

Bildirilishicha, shunga ko‘ra, joriy yilning 26 oktabr kuni Markaziy bank boshqaruvi tomonidan qonun hujjatiga kiritiladigan o‘zgartirishlar tasdiqlandi. 

Unga ko‘ra, bank tomonidan mijozning bank hisobvarag‘i va (yoki) bank omonati, shu jumladan, bank kartalari bo‘yicha (bank kartalaridan foydalanayotgan paytda “PIN-kod”ni noto‘g‘ri terilishi oqibatida blokirovkaga tushgan holatlar bundan mustasno) amaliyotlar to‘xtatib qo‘yilganda, amaliyot to‘xtatilgan sanadan boshlab keyingi ish kunidan kechiktirmagan holda hisobvaraq yoki omonat egasiga uning hisobvarag‘iga xizmat ko‘rsatish to‘xtatilganligi va uning sabablari yuzasidan xabarnoma yuborishi shart.  

Ta'kidlanishicha, hozirgi paytda mazkur o‘zgartirishlar belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Adliya vazirligiga yo‘llangan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top