15:42 / 16.11.2019
0
7332

Tomorqa yer egalariga o‘z yeridagi ekinning fitosanitar holati uchun javobgarlik belgilanishi kutilmoqda

Tomorqa yer egalariga o‘z yeridagi ekinning holati (zararkunandalar, kasalliklarga chalingani) uchun javobgarlik belgilanishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha yangi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, misol uchun, issiqxona egasi o‘z issiqxonasida hasharot paydo bo‘lsa, mutaxassisni chaqirib, u zararkunandani yo‘qotish bo‘yicha chora ko‘rishi kerak. Uni yo‘q qilishi, ekinni himoya qilishi lozim. Shundagina issiqxonasining faoliyatini davom ettirishi mumkin.

Yangi qonun loyihasi bilan o‘simlikning fitosanitar holatidagi buzilishlar uchun jismoniy shaxsga ham, yuridik shaxsga ham javobgarlik belgilanishi kutilmoqda.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Teshayev Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasiga bergan hisobotida aytib o‘tgan.

Teshayevga ko‘ra, «Agrokimyohimoya» AJ tarkibida o‘simliklarni himoya qilish bo‘yicha yangi struktura tashkil etilishi ham rejalashtirilgan.

«O‘simlik, ekinning sifatiga zarar yetkazadigan zararkunanda, kasalliklarning turi ham, soni ham ko‘payib bormoqda. Shuningdek, ularning qarshi vositalarga chidamligi ham ortib boryapti. 

Zararkunandalarga qarshi kurashish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar ham berilyapti. Kitoblar ham nashr qilingan.

2019 yilda fermer va dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalari kengashlari tarkibida tomorqa xizmatlari tashkil etildi. Ular urug‘lik, moddiy texnik yordam bilan birga, kasallik, zararkunandalarni aniqlab, ularga qarshi tavsiyalar berish bilan ham shug‘ullanyapti. Lekin hududlarda, xususan, meva-sabzavotlar yetishtirishga ixtisoslashgan joylarda ham zararkunandalarga qarshi kurash bo‘yicha mutaxassis xodimlar kam. Bu esa o‘simliklarning fitosanitar holatini  nazorat qilishda muammo tug‘diradi», – dedi Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari 15 noyabr kuni Senat qo‘mitasi majlisida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top