08:00 / 17.11.2019
7
23427

Buloqboshida gaz konlari bor. Lekin tuman markazidagi uylarda ovqat pishirish uchun ham gaz yo‘q

To‘g‘risi, elektrdagi uzilishlar muammolar o‘z yo‘liga, lekin tabiiy gaz ta'minoti yomon ekanligi haqida maqola yozish og‘riqli masala. Aholi vakillari tabiiy gaz yo‘qligidan nolisa, murojaat qilsa - urinib maqola yozsam samara berish-bermasligidan shubha qilishimiz bor gap. Aholi qishga kirish arafasida xonadonlarni asosan elektr  yordamida isitadi.

Vodiyda aholiga tabiiy gaz berish masalasi xuddi yechimi yo‘q muammoga o‘xshaydi. Chunki, aholining katta qismida tabiiy gaz ta'minoti juda yomon holatda. Bir necha yildan beri shu ahvol.

Lekin, Andijon viloyati Buloqboshi tumanida gaz muammosi bo‘lishining o‘zi g‘alati. Chunki, 2017 yildan beri shu kungacha tuman hududidagi Uchtepa qishlog‘ida gaz konlari topildi.

 2018 yilda ham yana bir gaz koni ochilganida ma'lumot berildi. Shu yilning fevral oyida «Yura 1» nomli quduqdan ham tabiiy gaz chiqqani haqida xabarlar tarqaldi.

 2017 yili topilgan gaz koni haqidagi ma'lumotlarda, kondan 100 atmosfera bosimida soatiga 2300-2400 kubometr gaz oqimi chiqayotgani aytilgan edi. 2018 yilda ochilgan gaz konlari haqida «1134 metr chuqurlikda ijobiy natija bergan quduqda olib borilgan geologik izlanishlar natijasida shunisi ma'lum bo‘ldiki, hozirda 4-quduqning bir kunlik debiti 300.000 m3/sutkani tashkil etmoqda», mazmunida ma'lumot berilgan.

 Ikki yil davomida gaz konlaridan aholiga gaz berish bo‘yicha nima ishlar qilindi bilmadik?

 Bir hafta oldin, 9 noyabr kuni Buloqboshi tuman markazidagi «Mirzakalon Ismoiliy» mahallasidagi ko‘p qavatli uylarda bo‘lib, gaz ta'minoti ahvolini o‘rgangan edik.

 «Tumangaz idorasi rahbari Shohruh Shuhratbekov «12 noyabr kuniga yoki uzog‘i bilan 15 noyabrga markazdagi domlarda gaz yonadi!», deb va'da bergandi.  

 16 noyabr kuni soat 13:00larda yana o‘sha hududga bordik. «Mirzakalon Ismoiliy» mahallasi tuman markazida joylashgan. U yerdagi yonma-yon joylashgan 14,15,16-sonli ko‘p qavatli uylar hovlisida o‘choqda ovqat pishirayotgan ayollarni ko‘rdik.

 Aholi vakillari bilan gaplashganimizda mutasaddilar «15 noyabr kuni gaz beriladi», deyishgani, lekin, gaz bosimi ko‘tarilmagani, «komforkali» gaz plitalarida ovqat pishirib bo‘lmayotganini aytishdi. 16-uyning 3-kvartirasida yashovchi Azimjon ota uyiga boshladi. «Biz gazdan ovqat pishirgani foydalanamiz. Markazlashgan isitish tizimi yo‘q. Ba'zida pilikdek bo‘lib kelib qoladi. Hali qish kelgani yo‘q, o‘tgan yili ham gazsiz qiynaldik», deydi Azimjon Qodirov.

Tumangaz idorasi yo‘lida «Guliston» mahallasida to‘xtab, shu yerda yashovchi Vahobov Muhammadqodir aka bilan suhbatlashdik. «Mahallaga bu yil yozi bilan gaz tortishga harakat qilishdi. Aholining o‘zi ham tortib kelishga urinyapti. Ayni paytda bizning «Obod» ko‘chamizga gaz goh-gohida kelib qolishi mumkin. Hozir esa ovqat pishirish uchun ham gaz yo‘q», deydi Muhammadqodir aka.

 «Shirmonbuloq» mahallasida yashovchi D.Xidirova ham gazni olib kelishga urinishayotgani haqida eshitgani, lekin hozirgacha natija yo‘qligini aytdi.

 Tumangaz idorasiga borib, holat haqida javob olmoqchi bo‘ldik. Mutasaddilar quduqlar tomonga chiqib ketishgan ekan.

 Gaz idorasi rahbari Shohruxbek Shuhratbekov bilan suhbatlashdik.

 «Yozda aholi ehtiyojiga yarasha gaz oldik. «Uchtepa»dagi 7-quduqqa suv to‘lib qolgani uchun qiyinchilik bo‘ldi. Boshqa quduqlardan gaz olishni yuqoridan hal qilishadi. O‘zimizga qolsa bermaymizmi? Lekin, bugun qattiq harakat qilyapmiz. Bugun, 8-quduqni ulaymiz.  Albatta hamma domlarga gaz beramiz», dedi mutasaddi.

 Sovuq tushganiga 20 kuncha bo‘ldi. Mas'ul tashkilot vakillarining aholi xonadonlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlarini shu vaqtga qadar paysalga solib kelgani achinarli holat.

 Andijon viloyatining boshqa shahar va tumanlaridan ham tabiiy gaz ta'minoti bo‘yicha ko‘plab arizalar tushmoqda. Hali tumanlarda qishki mavsumga tabiiy gaz berilishi boshlangani yo‘q. Bor kuch elektrga tushib, cheklovlar joriy etilyapti. Ko‘p qavatli uylarda markazlashgan isitish tizimlari yo‘q bo‘lib ketganiga ancha yillar bo‘ldi. Bu esa – alohida mavzu...

 Buloqboshida gaz bor. Faqat mutasaddilar o‘z vaqtida, bahor yoki yoz kunlarida quvurlarni tortish, tizimni ishga tushirish ishlarini amalga oshirishi kerak edi.

 Mutasaddilardan Buloqboshi tumani markazidagi ko‘p qavatli uylarda tabiiy gaz ta'minoti yaxshilangani haqidagi ma'lumotlar kutib qolamiz.

Sarvarbek Nazarov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top