09:48 / 18.11.2019
0
11881

Britaniya armiyasi Iroq va Afg‘onistondagi harbiy jinoyatlarni yashirgan - OAV

Foto: AP Photo/Nabil al-Jurani

Britaniyalik harbiylar Iroq va Afg‘onistonda harbiy jinoyatlar sodir etgan, shu jumladan tinch aholini o‘ldirish va qiynoqqa solishni amalga oshirgan bo‘lishi mumkin, ularning bu qilmishlari esa Britaniya harbiy rahbariyati tomonidan yashirilgan. Bu haqda Britaniyaning Sunday Times nashri va VVS telekompaniyasi olgan maxfiy hujjatlarda aytilgan.

Ushbu ommaviy axborot vositalari britaniyalik harbiylarning Iroq va Afg‘onistondagi harakatlarini tergov qilayotgan tergovchilarga asoslanib, Britaniya qurolli kuchlarining maxsus bo‘linmasi - Maxsus aviadesant xizmat (SAS) tarkibiga kirgan harbiylardan biri qotilliklar sodir etgani, Black Watch shotland jangovar bo‘linmasi jangchilari esa mahbuslarni kaltaklagani, qiynoqqa solgani va ularga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganini ma'lum qilgan.

Sunday Times’ning ta'kidlashicha, tergov uchta shunday voqeaga qaratilgan bo‘lib, ulardan birida SAS jangchisi 2012 yilda Afg‘onistonda o‘z uyida choy ichib o‘tirgan 3 bola va bir o‘smirni otib tashlagan. Maqolada ta'kidlanishicha, ushbu hodisa yuzasidan ish harbiy prokuraturaga berilgan, biroq u bo‘yicha tergov olib borilmagan. Ikkinchi holat esa Iroqning Basra shahrida 2003 yilda mahbuslarni tahqirlashga taalluqli bo‘lib, bunday harakatlar natijasida 2 kishi o‘lgan. Uchinchi holat esa 2003 yilda iroqlik politsiyachining o‘ldirilishi bilan bog‘langan. 

Maqolada bu holatlar bo‘yicha Britaniya mudofaa vazirligining bayonoti keltirilgan bo‘lib, unda “politsiya britaniyalik harbiylarning Iroq va Afg‘onistondagi xatti-harakatlari bo‘yicha katta ko‘lamli tergov olib borgani”, ammo mustaqil harbiy prokuratura unga topshirilgan birorta ish bo‘yicha tergov boshlamaslikka qaror qilgani aytilgan.

Britaniyaning harbiy kontingenti Iroqdagi urush (2003-2011 yillar) vaqtida AQShnikidan keyin eng ko‘p sonli bo‘lgan va 45 ming kishiga yetgan. Urush vaqtida 179 britaniyalik harbiy halok bo‘lgan. Afg‘onistondagi urushda (2001-2015 yillar) esa Britaniya qurolli kuchlari 456 harbiyni yo‘qotgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top