13:04 / 18.11.2019
6
85292
Er uchastkalarini olib qo‘yish va kompensatsiya berishning yangi tartibi belgilandi
Foto: KUN.UZ

Hukumat qarori bilan Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra:

yer uchastkasini olib qo‘yishga zarurat tug‘ilganda birinchi navbatda hokimlik yoki investor va mulkdorlar o‘rtasida OAV ishtirokida ochiq muhokama o‘tkaziladi;

hokimlik yoki investor tomonidan dastlabki hisob-kitoblar amalga oshiriladi, shuningdek, kompensatsiya berish uchun yetarli resurslar mavjudligi o‘rganiladi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari Kengashlari tomonidan yer uchastkasi olib qo‘yilishidagi foyda va xarajatlar o‘rganib chiqiladi, resurslar yetarli bo‘lganida hamda foyda va xarajatlardan ustun kelgan taqdirda yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinadi. Hokimliklar yer uchastkasi olib qo‘yish to‘g‘risidagi qaror qabul qilishga vakolatli emas;

olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan yer uchastkasidagi ko‘chmas mulklar baholovchi tashkilot tomonidan baholanadi;

hokimlik yoki investor va mulkdorlar o‘rtasida kompensatsiya turi, miqdori va berish muddati kelishiladi va ushbu kelishuv notarial tartibda tasdiqlanadi;

hokimlik yoki investor tomonidan mulkdorlarga kompensatsiya berish ishlari amalga oshiriladi.

Kelishilgan kompensatsiya berilmaguncha ko‘chmas mulklar buzib tashlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mulkdorlarga kelishilgan kompensatsiya berilganidan so‘ng:

mulkdor tomonidan ko‘chmas mulk bo‘shatib beriladi;

hokimliklar tomonidan ko‘chmas mulkni buzib tashlash to‘g‘risidagi qaror loyihasi adliya organlariga xulosa olish uchun yuboriladi;

adliya organlari kompensatsiya berilganligi, uy-joylar amalda to‘liq bo‘shatilganligi va boshqa holatlarni o‘rganadi va o‘z xulosasini hokimliklarga taqdim etadi;

adliya organlarining xulosasi ijobiy bo‘lgan taqdirdagina ko‘chmas mulkni buzib tashlash to‘g‘risidagi qaror qabul qilinadi.

Olib qo‘yiladigan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obektlarini boshqa shaxsga o‘tkazishga Kelishuv imzolanganidan so‘ng tashabbuskorning yozma rozilik xati mavjud bo‘lgan taqdirda yoki Kelishuv (Kelishuvda nazarda tutilgan tartibda, taraflarning roziligi bilan yoki sud tartibida) bekor qilingan hollarda yo‘l qo‘yiladi.

Buzib tashlanadigan ko‘chmas mulk obektini sotib olgan mulkdor mazkur Nizomga muvofiq tuzilgan Kelishuvdan kelib chiquvchi avvalgi mulkdorning huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi.

Yer uchastkalari olib qo‘yilishi, ko‘chmas mulk obektlarini buzib tashlash, fuqarolarni ko‘chirish, shuningdek, kompensatsiyalar berishda qonun talablari ijrosini nazorat qilish prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Mazkur tartib 2020 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.

Yer uchastkasini olib qo‘yish tartibini buzganlik uchun, shuningdek, ushbu tartibni buzish natijasida ko‘chmas mulkka zarar yetkazganlik uchun ma'muriy javobgarlikni kuchaytirish va jinoiy javobgarlik belgilash bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top