10:47 / 21.11.2019
2
2493
JPMorgan davlat korxonalarini xususiylashtirishda faol ishtirok etmoqchi
Foto: REUTERS

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sunnatilla Bekenov JPMorgan transmilliy bankining Markaziy Osiyo va Kavkaz bo‘yicha mintaqaviy rahbari Timur Kunanbayev va mazkur bankning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Tohir Sultonov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Agentlik direktori davlat korxonalarini isloh qilish, ularga xorijiy investorlarni jalb etish va aksiyalarni sotish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holatiga to‘xtalib, mazkur jarayonda xalqaro investitsiya vositachilari, konsalting kompaniyalari hamda professional tashkilotlar faol jalb etilayotganligini ta'kidladi.
 
Barcha davlat korxonalari xususiy sektorga bosqichma-bosqich taklif etilishi, faqat strategik korxonalarda davlatning qisman ishtirokini saqlab qolish ko‘zda tutilayotgani qayd etildi.

Foto: Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

Katta miqdordagi aksiyalar va korxonalarni bozorga taklif etish orqali birinchi navbatda mahalliy fond bozorini rivojlantirish, shu asosda aholi va tadbirkorlik sub'yektlarini xususiylashtirish jarayonlariga faol jalb etish lozimligi, har bir davlat ulushi mavjud bo‘lgan korxonalar aksiyalari kotirovkasini shakllantirish lozimligi haqida so‘z bordi.

JPMorgan banki vakillari yirik korxonalarga investorlarni jalb etish bo‘yicha dunyodagi yetakchi o‘rinni egallashi, mintaqada katta tajribaga ega ekani, jumladan Qozog‘istondagi «Kazatomprom» kompaniyasini IPO usulida sotish bo‘yicha asosiy investitsiya vositachi sifatida katta ko‘lamdagi ishlarni amalga oshirayotganini so‘zlab berdi.

Xorijiy hamkor tashkilot sifatida O‘zbekistonda korxonalarni xususiylashtirish katta istiqbolga ega ekanligini va amalga oshirilgan ishlarning ijobiy xususiyatlari qayd etildi.

JPMorgan banki o‘z tajribasidan kelib chiqib, tog‘-kon, neft-gaz va telekommunikatsiya sohasidagi davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonida qatnashishga katta qiziqishi borligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik munosabatlarini davom ettirishga kelishib olishdi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top