19:31 / 21.11.2019
1
8736
«Nomutaxassis san'atkorlar litsenziya pulini to‘lab, sahnaga chiqib ketyapti. Bu noto‘g‘ri» – Mansur Toshmatov
Foto: Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti

O‘zbekiston akademik va xalq badiiy jamoalari direksiyasi badiiy rahbari, xalq artisti Mansur Toshmatov mutaxassis bo‘lmagan san'atkorlarning litsenziya olib, sahnaga chiqib ketaverishini tanqid ostiga oldi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, Toshmatov 20 noyabr kuni Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘tkazilgan «Yangilanayotgan jamiyatda yoshlarning ijtimoiy faolligi: muammo va yechimlar» mavzusidagi konferensiyada shu haqda gapirib o‘tgan.

«Ko‘cha-ko‘yda oddiy odamlar meni tanib qolib, «San'atkorlarni juda ko‘paytirvordinglar-ku, har xili chiqib ketdi», deb aytishi menga alam qiladi. Bir xil paytda bunga nima deyishni bilmayman. Chunki men san'atkorlarni yetishtirib chiqarayotganim yo‘q.

Ba'zida imtihonlarga kelganimda konservatoriyani bitirayotgan ayrim talabalarning noto‘g‘ri qo‘shiq aytayotganini ko‘raman. Kafedra mudiridan: «Bu o‘qishga qanday kirib qolgan?» deb so‘rasam: «Test sinovlaridan o‘tib o‘qishga kirdi», deb javob beradi. Shu gap haligacha bor.

Xudoga shukur, bu yil test sinovlarida ijodiy sohalarga istisno bo‘ldi. Bir qator oliy ta'lim muassasalari abituriyentlarni test sinovisiz, ijodiy imtihonlar orqali yoki boshqacha shaklda saralab olishdi. Abituriyentlardan imtihonlarni qabul qiluvchilar ham mutaxassis bo‘lishi shart», deydi Mansur Toshmatov.

O‘zbekiston xalq artistining fikricha, hozir mutaxassis bo‘lmagan san'atkorlar ko‘paygan. Yoshlar ularga taqlid qilyapti, ularning yurish-turishi, kiyinishi, hayotda o‘zini tutishi, hattoki yuz tuzilishigacha o‘xshashga intilyapti.

«Lekin ana shu san'atkor korservatoriyaning 1-kurs talabasinikicha ham saviyaga ega bo‘lmay turib, katta sahnalarga chiqib ketmoqda. Menga ko‘pincha: «O‘zbek estradasini qanday to‘g‘ri yo‘lga solishimiz kerak? Nima qilishimiz kerak?» deb savol berishadi. Muammolar ko‘p. Masalan, san'atkor mutaxassismi, mutaxassis emasmi, bundan qat'i nazar, «O‘zbekkonsert»ga pulini to‘lab, litsenziya oladi-da, sahnaga chiqib ketaveradi. Televideniyeda qo‘shiqlari aylanadi. Shu – noto‘g‘ri narsa.

«O‘zbekkonsert»ning o‘z badiiy kengashi bor, ammo badiiy kengashsiz ham mana shu narsalarni o‘zlari hal qilishadi. Shu narsalarga ko‘pincha biz ahamiyat bermayapmiz», – deya ta'kidladi Toshmatov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top