15:51 / 21.11.2019
5
62032

«O‘qituvchining maqomi to‘g‘risida»gi qonun o‘qituvchilarga qanday imtiyozlar berishi aytildi

«O‘qituvchining maqomi to‘g‘risida» qonun loyihasida o‘qituvchilarga kommunal va soliq to‘lovlari, farzandini maktab yoki bog‘chaga joylashtirish, kredit olish va pensiya chiqishda imtiyoz yoki ustuvorliklar berilishi ko‘zda tutilgan.

Foto: Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti

Bu haqda Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayev 20 noyabr kuni Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘tkazilgan «Yangilanayotgan jamiyatda yoshlarning ijtimoiy faolligi: muammo va yechimlar» mavzusidagi konferensiyada ma'lum qildi.

«O‘n yilcha oldin qo‘limga «O‘qituvchining maqomi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi kelib tushgandi. Shu loyiha haliyam yuribdi qayerdadir. Hozir bir narsa deyolmayman. Nasib etsa, keyingi chaqiriqqa saylansak, o‘qituvchining maqomi to‘g‘risida alohida qonun qabul qilish kerak, deb hisoblayapmiz.

Ushbu qonunda nimalar bo‘ladi? Qonunda o‘qituvchi deganda kimni tushunishimiz, uning ijtimoiy himoya kafolatlari, masalan, kommunal to‘lovlarni to‘lashda, kredit olish, farzandini maktab yoki bog‘chaga joylashtirishda, pensiyaga chiqishda, soliq to‘lovlarini to‘lashda qanday imtiyoz yoki ustuvorlikka egaligi va boshqa normalar aks etishi ko‘zda tutilgan. Asosiy e'tibor o‘qituvchilarni ijtimoiy muhofaza etish, ularning ijtimoiy dominantligini oshirishga qaratiladi», deya deputatning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Kusherbayevga ko‘ra, nafaqat u, balki parlament quyi palatasidagi ko‘plab deputatlar «O‘qituvchining maqomi to‘g‘risida»gi qonun loyihasining qabul qilinishi tarafdori.

Rasul Kusherboyev sohani tartibga solish, muammolarga barham berishning bundan boshqa yo‘li yo‘qligi, biroq qonun loyihasini puxta va mukammal ishlab chiqish muayyan vaqt talab etishini, bu borada Xalq ta'limi va Oliy ta'lim vazirliklari bilan kelishish kerakligini ta'kidlab o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, «O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi shu yil yanvar oyida e'lon qilingan edi

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top