13:29 / 21.11.2019
1
17540
Sergey Guriyev: «O‘zbekistonda ba'zi islohotlar oldinga qarab ketyapti, ba'zilari esa to‘xtab turibdi»
Videodan kadr

O‘zbekiston YaIM hajmi bo‘yicha Qozog‘istonga yetib oladi va uni hatto ortda qoldiradi. Bu haqda Parij siyosiy fanlar maktabining iqtisodiyot professori Sergey Guriyev DIGISTAN YouTube loyihasiga ma'lum qildi.

Loyiha boshlovchisining aytishicha, yangi prezident Shavkat Mirziyoyev saylanganidan so‘ng O‘zbekistonga «sarmoyalar oqib kela boshladi». U Sergey Guriyevdan Markaziy Osiyoda mintaqaviy yetakchi o‘zgarishi bo‘yicha qanday fikrda ekani bilan qiziqdi.

«Agar hammasi yaxshi bo‘lsa va O‘zbekistonda mehnat unumdorligi o‘sib borsa, unda albatta, yaqin kelajakda, men ikki-uch o‘n yillikni nazarda tutyapman, YaIM hajmi bo‘yicha Qozog‘istonga yetib oladi hamda uni ortda qoldiradi. Bunga oddiy sabab - demografiya», - dedi Sergey Guriyev.

Shu bilan birga, iqtisodchining aytishicha, oldinda hali juda ko‘p ish bor.

«Biroq, bunday ssenariy kafolatlanmagan. Oldinda juda ko‘p ish bor va sobiq prezident davrida O‘zbekiston butun dunyodan ajralib qolganligini unutmasligimiz kerak. Nafaqat qo‘shnilar, balki butun dunyodan yopilib olgandi. O‘zbekistonda bozor iqtisodiyoti qanday ishlashi, bozor islohotlarini qanday amalga oshirish kerakligini tushunadigan odamlar ancha kam. Ammo, ba'zi islohotlar oldinga qarab ketyapti. Ba'zilari esa to‘xtab turibdi. Shu bilan birga, chet el sarmoyalarini jalb qilish hamon ishlamayapti», - deya hisoblaydi u.

Iqtisodiyot professorining aytishicha, O‘zbekistonda so‘nggi uch yilda amalga oshirilishi haqida va'da berilgan ba'zi islohotlar qilinmayapti.

«So‘nggi uch yil ichida Qozog‘istonda uzoq vaqt oldin amalga oshirilgan ba'zi islohotlar O‘zbekistonda va'da qilindi, ammo hali ham amalga oshirilmadi. Hammasi juda oson emas. Ammo, haqiqatdan ham ko‘pchilikka prezident Shavkat Mirziyoyevning gaplari yoqmoqda. U haqiqatdan ham ba'zi narsalarni qildi va bu juda muvaffaqiyatli bo‘ldi», - deydi u.

Eslatib o‘tamiz, Sergey Guriyev iqtisodiyot fanlari doktori va fizika-matematika fanlari nomzodi hisoblanadi. Hozirda u Parij siyosiy fanlar maktabining iqtisodiyot professoridir. 2015 yil noyabridan 2019 yil o‘rtalariga qadar Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankida bosh iqtisodchi bo‘lgan. 2004 yildan 2013 yilgacha Rossiya iqtisodiyot maktabini boshqargan. 2013 yilda Sergey Guriyev Rossiyadan Fransiyaga ko‘chib ketishga majbur bo‘ldi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top