21:28 / 21.11.2019
0
6217

Shavkat Mirziyoyev nogironligi bo‘lgan shaxslarning ishlashi uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriq berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 noyabr kuni aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

«Yig‘ilishda aholining ehtiyojmand qatlamini aniqlash va nafaqa to‘lashning aniq mezonlarini (indikatorlarini) joriy etish, ijtimoiy yordam oluvchilarning yagona reyestrini shakllantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Bu reyestrning afzalligi shundaki, soliq, ichki ishlar, kadastr, bank, sog‘liqni saqlash, pensiya, mehnat, kommunal va mahalla idoralari ma'lumotlari yagona bazaga birlashtiriladi. Natijada hujjatlarni yig‘ishga ketadigan vaqt hozirgi bir necha kundan bir necha soatga qisqaradi, fuqarolar bitta idoraga murojaat qilish bilan barcha masalalarni hal eta oladi.

Ijtimoiy himoya faqat nafaqa to‘lash bilan kifoyalanmasdan, balki muhtojlarning «oyoqqa turishi»ga ko‘maklashishi lozimligi ta'kidlandi. Misol uchun, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tegishli mehnat sharoiti yaratib berish orqali ularning 80 foizini foydali mehnatga jalb qilish mumkin.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga nogironlik guruhlari bo‘yicha kasblar klassifikatorini qayta ko‘rib chiqish, ularning ishlashiga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Mehribonlik uylarida tarbiyalangan yoshlarning ijtimoiy moslashuvi, shu jumladan, ularni ish bilan ta'minlash bo‘yicha dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi», – deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top