10:04 / 22.11.2019
1
9097
«Sababsiz signal berish odatini yengish mumkinmi?» - IIBB haydovchilarga taklif bilan chiqdi
Foto: 123RF

O‘zbekistonga ilk bor tashrif buyurgan chet elliklar “Yo‘llaringizda namuncha shovqin!”, deb ajablanadi. Avtomobil boshqarganda esa to‘xtovsiz “bip-bip”dan fikrni bir joyga jamlash juda qiyin deydilar, deb yozmoqda Toshkent shahar IIBB.

Ma'lum bir davlat aholisining madaniyatini haydovchilariga qarab bilib olish mumkin. 

IIBBning yozishicha, bizdagi aksariyat haydovchilarning harakatlarida hovliqish, agressivlik, o‘zaro hurmatsizlik sezilib turadi. Ajablanarlisi shundaki, ushbu fakt ko‘plab haydovchilarning o‘zi uchun ham noqulaylik tug‘diradi, ular holatni o‘nglash niyatida, ammo nimadir xalal qiladi. Tinmas shovqindan noroziliklar tufayli shaharda bir qator hammaga yo‘l berib, o‘ngga burilish mumkinligini anglatuvchi yo‘l belgilari o‘rnatildi, chunki yaqin atrofdagi uylarda yashovchi aholi uchun shovqinlar haqiqiy azobga aylandi. Haydovchilar kaftlari bilan rulning o‘rtasini bosib, natijada o‘zlari uchun noqulaylik tug‘dirishlarining misollaridan biri shudir.

Bildirilishicha, Telegram’dagi guruhlarning birida “NAVIGATOR” taxallusi ostidagi ishtirokchi quyidagi xabar qoldirgan: “Men qishda Rostovda 5 kun bo‘ldim. Har kuni meni bir kishi ishlarim bo‘yicha mashinasida olib yurardi. 3-kuni xayolimda bir fikr o‘rnashib qoldi, xuddi nimadir yetishmayotgandek. Nimaligini tushuna olmasdim. Shu onda yon tomondagi mashina signal berdi. Hayron qoldim. Uch kun davomida signal ovozini eshitmagan ekanman. Umuman”.  

Bir nechta ishtirokchilar muhokamaga qo‘shilishib, shaxsiy kuzatuvlari bilan o‘rtoqlashgan: “bizdagilar bekorga antiqa signallarni qidirishmaydi, malibu, karnay-surnay!”, “Singlim RFda yashaydi, mehmonga kelganida u ham shu haqida gapirgandi. Aytishicha, agar ular tomonda sababsiz signal bersa, kaltak yeb qolish ham mumkin ekan!”. Boshqa bir ishtirokchi: “Svetoforda turgandik, yashil yonib qoldi. Oldinda turgan avtomobil yurmayapti. Signal ber dedim. Yo‘q, keyin bita bilan chiqadi, men esa old oynani almashtirishga majbur bo‘laman, dedi”.

“Albatta, biz bezorilikni ma'qullamaymiz. Ammo boshqa yurtlarda haydovchilarning o‘zlari boshqalardagi signal berish ishtiyoqini so‘ndira olishlarini guvohi bo‘lmoqdamiz. Avvalambor – ijtimoiy qoralash, bu tarzda boshqalar uchun noqulaylik keltirib chiqarish tarbiyasizlik ekanligini muntazam ravishda eslatib turish orqali”, - deb yozadi IIBB matbuot xizmati.
    
Birinchi sharh muallifi davom etadi: “Odamlar signal berishmaydi. Ko‘chalar tor. Ko‘pi bilan ikki yo‘lakli. Birinchisidan ikkinchisiga o‘toqchi bo‘lganingda “povorotnik”ni yoqsang, darhol o‘tkazib yuborishadi. Odamlardagi haydovchilik madaniyati o‘zgacha. Nima uchun signal berishmaydi deb so‘radim. “Nima zarur?” – dedi haydovchim. Bizda esa sabab bo‘lsa-bo‘lmasa erinmasdan signal berishadi.”.

O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 127-moddasiga muvofiq, tovush signalini sababsiz berish eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. Tegishli ruxsat olmay turib transport vositalariga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni o‘rnatish, xuddi shuningdek davlat raqam belgilarini ko‘rish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga to‘sqinlik qiladigan turli ashyolar o‘rnatish va qoplama surtish – ana shu qurilmalarni musodara qilib, eng kam ish haqining besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

“Haydovchilarimizdagi maqsadsiz signal berish odatini yengish mumkinmi? Bizning shahrimizda tovush signalidan – yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilari bilan o‘ziga xos tezkor aloqa vositasidek foydalanishadi. Bu shunchalik darajada odat tusiga kirganki, hatto signallardan charchagan inson ham o‘zi bilmagan holda signal beradi”, - deyiladi IIBB ma'lumotida. 
 
Yo‘l harakati qoidalarining 48-bandiga muvofiq: “Tovushli ishoralar faqat quyidagi hollarda qo‘llanilishi mumkin: aholi punktlaridan tashqarida boshqa haydovchilarni quvib o‘tish haqida ogohlantirish uchun; zarur bo‘lgan hollarda yo‘l-transport hodisasining oldini olish uchun”. Bizda esa nima sababdan bo‘lar-bo‘lmasga signalni qo‘llashadi? Aslida juda xavfli madaniyat shakllanib ulgurgan – signallar shunchalik odatiy bo‘lib qoldiki, ba'zida, kun oxirida charchash oqibatida biz ularni odatiy tovushdek qabul qila boshladik. Shunday vaziyatda sizni g‘ildiragingiz havo yo‘qotayotgani, yukxona ochiqligi, avtomobilingizning davlat raqami yoki yukingiz tushib ketganligi haqida, yoki stop-signalingiz ishlamayotganligi haqida ogohlantirmoqchi bo‘lishlari mumkin.

“Toshkent haydovchilariga o‘zlarini sinab ko‘rishni taklif qilmoqchimiz: bir kun davomida biror marta ham sababsiz signal bermaslik qo‘lingizdan keladimi? Faqat sabablarga jiddiy munosabatda bo‘lib, avariyaviy holatlarni o‘zingiz keltirib chiqarmasligingiz sharti bilan.  

O‘zingizni sinab, yo‘llardagi holatni nazorat qilib ko‘ring va muhokamaga qo‘shiling: ushbu muammoni hal qilish muhimmi va qaysi yechim eng afzal hisoblanadi?” - deya yozadi IIBB matbuot xizmati.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top