10:09 / 22.11.2019
3
31454

«Snoslar» bo‘yicha qarzdorlik eng ko‘p hududlar ma'lum qilindi

Andijon viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida bunday qarzdorliklar aniqlanmagan.

Foto: KUN.UZ

21 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2019 yil to‘qqiz oyligidagi ijrosi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Majlisda deputat Rasul Kusherbayev hukumat a'zolariga jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli xususiy mulklarni buzganlik uchun yig‘ilib qolgan qarzdorliklarni yil oxirigicha to‘liq ta'minlash kafolatini berish yuzasidan hukumat vakillariga savol bilan murojaat qildi.

Rasul Kusherbayev
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

Moliya vaziri o‘rinbosari Yorqin Tursunovning aytishicha, 3 avgustdagi prezident farmoyishi asosida Hisob palatasi rahbarligida barcha hududlarda ishchi guruhlar tuzilib, qarzdorlik inventarizatsiya qilib chiqilgan, ya'ni yalpi xatlovdan o‘tkazilgan.

Xatlov natijasida 4378ta turar va noturar-joy obektlari bo‘yicha 1,1 trln so‘m qarzdorlik aniqlangan. Shundan:

  • Toshkent shahrida 600 mlrd so‘m,
  • Toshkent viloyati – 210 mlrd so‘m,
  • Qashqadaryo – 68 mlrd so‘m,
  • Surxondaryo – 56 mlrd so‘m,
  • Farg‘ona viloyati – 45 mlrd so‘m,
  • Jizzax viloyati – 43 mlrd so‘m,
  • qolgan barcha hududlarda 68 mlrd so‘m.

«Faqat 2ta hududda, ya'ni Andijon viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida bunday qarzdorliklar aniqlanmadi», – dedi Yorqin Tursunov.

Yorqin Tursunov

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, aniqlangan qarzdorliklar bo‘yicha prezidentga axborot berilgan va ularni qoplash yo‘llari bo‘yicha takliflar tayyorlangan.

«Takliflar qarzdorlik miqdori yuqori bo‘lgan hududlarga respublikadan pul berilmasa, imkoniyat mavjud emasligini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan», deya qo‘shimcha qildi u.

1,1 trillion so‘mlik qarz qanday qoplanadi?

«Qarzdorlikning 174 mlrd so‘mi respublikadan qoplab beriladi. 183 mlrd so‘mi mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan hamda 733 mlrd so‘mini, ya'ni asosan noturar joy obektlaridan qarzdorlikni qo‘shimcha yer uchastkalarini ajratish, bo‘sh turgan binolarni berish va boshqa imkoniyatlar hisobidan qoplab berish bo‘yicha taklif ishlab chiqdik.

Taklif prezidentimiz tomonidan ma'qullandi. 2019 yilning 14 noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi», dedi Yorqin Tursunov.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top