23:51 / 22.11.2019
1
71393

Yelsin o‘z davomchisi sifatida nima uchun Putinni tanlagani sababi oshkor qilindi

Foto: Aleksey Drujinin / RIA Novosti

Rossiyaning birinchi prezidenti Boris Yelsin Vladimir Putin boshqa avlod vakili bo‘lgani sababli uni o‘zining davomchisi etib tayinlagan. Bu haqda jurnalist Vladimir Poznerga intervyuda Putinning amaldagi va Yelsinning sobiq maslahatchisi Valentin Yumashev ma'lum qildi. 

“Yelsin 1991 yilda yoshi 40-50da bo‘lgan odamlar avlodi ketishi kerak deb hisoblagan. U Rossiyani sobiq ittifoqdan o‘ziga ko‘p narsa olgan bu odamlarga qoldirish mumkinmas, deb hisoblagan”, deb aytgan Yumashev.

Uning ta'kidlashicha, Yelsin uchun o‘z davomchisining fe'l-atvori muhim bo‘lgan va u Putinda to‘g‘ri qarorlar qabul qila oladigan va liberal islohotlarni davom ettira oladigan odamni ko‘rgan.

Yumashevning ma'lum qilishicha, Yelsin Putin prezident saylovlarini yuta olishiga kattaroq kafolat bo‘lishi uchun saylovlarga yarim yil qolganda iste'foga chiqqan. Yumashevning ta'kidlashicha, Yelsin iste'foga chiqqan kun – 1999 yil 31 dekabrda go‘yoki yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek o‘zida yo‘q xursand bo‘lgan.   

Yumashev Yelsin ma'muriyatini 1997 yil martdan 1998 yil dekabrgacha boshqargan.

Putin joriy iyunda o‘tgan jonli muloqot vaqtida Yelsinning Rossiya rahbari lavozimini egallash taklifini qabul qilgani to‘g‘ri qaror bo‘lganini ta'kidlab o‘tgan. Putinning aytishicha, bu qaror u uchun oson bo‘lmagan, chunki u o‘shanda o‘zini hali bu lavozimga tayyor deb hisoblamagan.

Yelsin Rossiyaga 1991 yildan prezidentlik qilgan. U 1999 yil 31 dekabrda iste'foga chiqishini e'lon qilgan va prezident vazifasini bajaruvchi sifatida o‘shanda bosh vazir bo‘lgan Vladimir Putinni tayinlagan. Putin 2000 yil martida prezident saylovlarida g‘alaba qozonib, o‘sha yilning 7 may kunidan lavozimini bajarishga kirishgan.     

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top