16:55 / 23.11.2019
0
12863

Yashnobod tumanida Lacetti avtomobili haydovchisi ishtirokida sodir bo‘lgan holat bo‘yicha izoh berildi

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Lacetti rusumli avtomobil orqaga harakatlanib YPX xodimlaridan “qochayotgani” aks etgan, ammo natijada to‘xtatilgani aks etgan videoyozuv joylandi. 

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatining yozishicha, video ostida qoldirilgan sharhda haydovchining harakatlariga uning kuchli ta'sir o‘tkazuvchi vositalar iste'mol qilgani taxmin qilingan. 

Qayd etilishicha, 2019 yilning 21 noyabr kuni taxminan soat 01:25da Yashnobod tumani Farg‘ona yo‘li ko‘chasida Lacetti rusumli avtomobilning harakatlanishi YPX inspektorlarida gumon uyg‘otgan. Haydovchiga to‘xtash haqida ishora berilgan. Ammo u ishoraga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirdi. 

Bildirilishicha, YPX ekipaji xizmat avtomobilida qoidabuzarning ketidan yo‘l olgan. Avtomobil MEGA MED klinikasi yonidagi yo‘l hududida to‘xtatildi, shu yerda haydovchi orqaga harakatlanib voqea joyini tark etmoqchi bo‘lgan. Aynan shu joy hodisani mobil telefoniga tushirayotgan fuqaroning kadriga tushib qolgan. 

Ta'kidlanishicha, qoidabuzarning ushbu harakatlari YPX inspektori tomonidan to‘xtatilgach, haydovchi transport vositasini boshqarishdan chetlatildi. Hodisa fuqarolar e'tiborini tortganligi sababli, haydovchi inspektorlar tomonidan xizmat avtomobiliga taklif etilgach, dastlabki to‘xtatilgan joyga ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish uchun olib ketildi.

Lacetti’ni boshqargan shaxs Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashovchi 28 yoshli Sh.S. ekanligi ma'lum bo‘ldi. Uning gaplariga qaraganda, harakatlariga transport vositasini boshqarish uchun zarur bo‘lgan ishonchnoma va majburiy sug‘urta haqidagi polisi yo‘qligi sabab bo‘lgan. 

Haydovchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 135-moddasiga (“Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi”) va 194-moddasiga (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) muvofiq bayonnoma rasmiylashtirildi. Haydovchiga nisbatan choralar haqidagi qarorni sud qabul qiladi. Avtomobil yuqoridagi Kodeksning 291-moddasiga muvofiq jarima maydonchasiga joylangan.    

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top