
Nyu-York shahrining sobiq meri Maykl Blumberg Demokratlar partiyasidan AQSh prezidentligi uchun saylovlarda nomzod bo‘ladi.
«Men Donald Trampni yengib, Amerikani qayta jonlantirish uchun prezident bo‘lmoqchiman», — deya yozgan Blumberg tvitterdagi sahifasida.
I’m running for president to defeat Donald Trump and rebuild America.
— Mike Bloomberg (@MikeBloomberg) November 24, 2019
I believe my unique set of experiences in business, government, and philanthropy will enable me to win and lead.
Join our team: https://t.co/7ezlUeouqH pic.twitter.com/IyOeS3aWaF
«U [Tramp] mamlakatimiz mavjudligi va an'analarimizga tahdid timsolidir. Agar u yana bir muhlatga prezident bo‘lsa, biz bundan keladigan zararni hech qachon bartaraf eta olmasligimiz mumkin. Dov har doimgidan ham baland. Biz bu saylovda g‘alaba qozonishimiz kerak. Biz Amerikani tiriltirishni boshlashimiz kerak», — deyiladi Blumbergning bayonotida.
Ushbu nomzod xayriya mablag‘laridan voz kechgan va o‘z kampaniyasini o‘zi to‘liq moliyalashtirishini ma'lum qilgan.
Blumbergning bosh maslahatchisi Hovard Volfson ham Blumberg Donald Tramp 2020 yilda ushbu lavozimga qayta saylanishiga imkon bermoqchi emasligini ta'kidlab o‘tgan.
Volfsonning so‘zlariga ko‘ra, Blumberg «Donald Tramp ustidan g‘alaba qozonish uchun zarur bo‘lgan barcha ishni qiladi».
Bundan tashqari, u Blumberg Oq uy rahbariga aylanadigan bo‘lsa siyosiy xayriyalar va prezidentlik maoshidan voz kechishini qo‘shimcha qilib o‘tdi.
«U umri davomida hech qachon siyosiy xayriyalar qabul qilmagan. Uni sotib olishning imkoni yo‘q», - deya ta'kidlagan Volfson.
Ma'lumot uchun, Forbes nashri Blumbergning boyligini 54 mlrd dollardan ortiqqa baholagan.
AQShda navbatdagi prezident saylovlari 2020 yilning noyabrida bo‘lib o‘tadi.