18:00 / 24.11.2019
0
4404

Italiya iqlim o‘zgarishi sohasidagi ta'limga majburiy tus bergan ilk mamlakat bo‘ldi

Italiya – iqlim o‘zgarishi masalasi eng ko‘p muhokama etilayotgan mamlakatlardan biri. 2020 yilda yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan mazkur mamlakat iqlim muammolari va atrof-muhit bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan majburiy darslarni o‘quv jadvaliga kiritgan dunyodagi birinchi mamlakatga aylanadi.

Qayd etish joiz, dunyo miqyosida Greta Tunberg va boshqa mashhur ekofaollardan ruhlanib, ekologik standartlarni tobora jiddiy yoqlab chiqayotgan yoshlar ko‘payib bormoqda. Jumladan, hozir Italiyadagi yosh avlod sayyoramiz yuzma-yuz kelayotgan tahdidlar haqida ko‘p ma'lumotga ega.

Mamlakat ta'lim vaziri Lorenso Foramontining aytishicha, umumta'lim o‘quv dasturining 33 soatini ushbu dolzarb mavzuga bag‘ishlash rejalashtirilgan.

Ekologiyaga bag‘ishlangan alohida mashg‘ulotlardan tashqari, an'anaviy geografiya, matematika va fizika darslarida ham iqlim o‘zgarishi mavzulari kiritilishi kutilyapti.

Ma'lumot uchun, Italiya ta'lim vaziri Lorenso Foramonti – insonning ongli xulq-atvori, resurslardan oqilona foydalanish va sayyorani himoya qilish uchun kurash bo‘yicha taniqli shaxslardan sanaladi. U davlat ta'limini aviachiptalar, plastikdan ishlangan mahsulotlar va shirinliklar savdosidan olinadigan soliqlar hisobiga moliyalashtirishni taklif qilgandi. Shu tariqa, Italiyaning kelasi yil uchun mo‘ljallangan budjetida plastik va shakar uchun soliq ko‘zda tutilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top