19:30 / 25.11.2019
0
16128

1 yanvardan avtobus va metroda yo‘lkirani transport kartalari, mobil ilova hamda QR chiptalar bilan to‘lash mumkin

2020 yil 1 yanvardan Toshkentdagi jamoat transportiga yo‘l haqi to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Tizim doirasida jamoat transporti uchun yagona transport kartalari, to‘lovni amalga oshirish imkonini beradigan mobil ilova hamda bir martalik QR chiptalar joriy etiladi.

AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Transport vazirligi avtomobil va daryo transportini rivojlantirish departamenti boshlig‘i Ruslan Ro‘zimetovning ma'lum qilishicha, transport kartalarini savdo nuqtalari, metropoliten, avtovokzal, temir yo‘l kassalari va aeroportlardan sotib olish mumkin bo‘ladi.

«Yagona transport kartalarining narxi 8-9 ming so‘m atrofida bo‘lib, uni uzoq vaqt davomida ishlatish mumkin. Kartalar hisobini bank plastik kartalaridagi mablag‘lar, bankomatlar, kiosklar, terminallar hamda mobil ilovalar orqali to‘ldirish mumkin. Yo‘lovchi oy davomida saralashi mumkin bo‘lgan taxminiy miqdordagi pulni oldindan yoki har kuni kundalik xarajatni to‘lab borishi mumkin», deya Ruslan Ro‘zimetovning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda ma'lum qilinishicha, joriy etilayotgan avtomatlashtirilgan tizimda yo‘lkira haqi uchun to‘lovlarni kontaksiz bank kartalari, jumladan, Humo, Uzcard, Visa, Mastercard va boshqalar orqali ham to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Avtomatlashtirilgan tizim:

Toshkent shahrida «Toshshahartransxizmat» AJ va «Toshkent metropoliteni» UKning ayrim yo‘nalishlarida ko‘rsatilgan yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun – 2020 yil 1 yanvardan;

Nukus shahri va viloyat markazlarida yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun – 2020 yil 1 agustdan;

Respublikaning boshqa hududlarida2021 yil 1 yanvardan boshlab joriy etilishi kutilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top