10:51 / 25.11.2019
0
13915

Qo‘qondagi avtoturargohda sodir bo‘lgan voqea yuzasidan rasmiy bayonot berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, Qo‘qon shahridagi avtomobillar turargohida sodir bo‘lgan voqea yuzasidan Qo‘qon shahar hokimligi rasmiy bayonot berdi.

Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasining bergan ma'lumotiga ko‘ra, holat yuzasidan olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida Qo‘qon shahar, Farobiy ko‘chasida joylashgan “Qo‘qon savdo kompleksi” MChJ yonidagi joydan “Ulug‘bek Mega Trans” MChJ rahbari hech qanday hujjatlarsiz, yo‘nalishsiz taksi avtomashinalari uchun ruxsatsiz, o‘zboshimchalik bilan turargoh sifatida foydalanib kelgani aniqlangan. 

Yo‘lovchilarni haqorat qilgan fuqaroga Qo‘qon shahar Ma'muriy sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasiga asosan ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Fuqaroning ruxsatsiz, o‘zboshimchalik bilan turargoh sifatida joydan foydalanganligi bo‘yicha Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qo‘qon shahar bo‘limi tomonidan surishtiruv olib borilmoqda, deyiladi ma'lumotda.

Eslatib o‘tamiz, tarqalgan videoda ikki ësh yigit bozordan mijoz olib chiqib ketmoqchi bo‘laëtgan litsenziyali taksidan zo‘ravonlik bilan 5000 so‘m undirishga uringani aks etgan. Haydovchidan pul talab qilayotgan yigitlar taksidagi keksa yo‘lovchilarni ham haqorat qilgan va haydovchi 5000 so‘m bermasa mashinaning bozor hududidan chiqarilmasligini aytgan. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top