14:18 / 26.11.2019
2
64500

Biz bilgan va bilmagan Vetnamga borish uchun 7ta asosiy sabab

Sharqiy Osiyoga sayohat qilish haqida gap ketganda, ko‘pchilikning ko‘z oldiga Malayziya, Tailand va Indoneziya kabi davlatlar keladi. Lekin ko‘pchilik yaqindan bilmagan, ko‘rmagan va kashf etmagan boshqa ajoyib manzillar ham bor. Bulardan biri – Vetnam.

Vetnam inson umri davomida bir marta bo‘lsa ham borish kerak bo‘lgan davlatlardan biri sanaladi. Nima uchun deysizmi? Bunga arzigulik 7ta asosiy sababni keltirib o‘taman.

Shu yil kuzda malaka oshirish uchun Vetnam poytaxti Xanoyga borishga muvaffaq bo‘ldim. Tan olib aytaman, bundan ikki yil avval Vetnam haqida hech narsa bilmasdim. Biroq magistraturada vetnamlik talabalar bilan birga tahsil olib, bu mamlakatga bo‘lgan qiziqishim yanada ortgan.

Bilasizmi, 2018 yilda Vetnamga dunyo bo‘ylab qariyb 15,5 milliondan ortiq sayyoh borgan (taqqoslash uchun O‘zbekistonga 5,3 million) bo‘lib, bu – mamlakat tarixida rekord darajani qayd etdi.

Vetnam – qadimiy ibodat maskanlari va milliy bog‘larni o‘zida saqlab qolgan, sayyohlarga arzon narxlarda mazali taomlar va Yevropa sifatidagi dam olish zonalarini taqdim etuvchi o‘lka. Bu mamlakat avval Fransiya mustamlakasi bo‘lgan.

Xullas, sayohatim davomida olgan taassurotlarimdan kelib chiqqan holda, ushbu foto-essey orqali Vetnamga sayohat qilish uchun 7ta asosiy sababni sanab o‘taman.

1. Xavfsizlik

Vetnam – Janubi-sharqiy Osiyodagi eng xavfsiz davlatlardan biri sanaladi. Bu yerda jinoyatchilik darajasi past: terrorchilik akti, zilzila yoki sunami kabilar deyarli kuzatilmaydi. Mamlakat har yili millionlab sayyohlarni kutib olishga odatlanib qolgan. Oilangiz bilan bexavotir sayohat qilishingiz mumkin.

E'tiborimni tortgani, poytaxt Xanoyning markaziy ko‘chasi tunda maxsus qo‘riqchi va posbonlar tomonidan qattiq nazorat qilinadi. Shu sababli, sayyohlar tunda ham piyoda sayr qilishlari mumkin.

2. Go‘zal tabiat

V'yetnam o‘zining betakror tog‘li manzarasi, tarixiy minoralari, guruch maydonlari, g‘aroyib g‘orlari, tabiiy sohillari bilan har qanday insonning ko‘nglini zabt eta oladi. Iqlimning qishin-yozin mo‘'tadilligi ham yilning istalgan vaqtida sayohat qilish imkonini beradi.

Agar plyajda dam olishni xush ko‘rsangiz, Nyachang, Muyne-Fantet, Kondao, Fukuok yoki Danangga borishingiz mumkin. Agarda mamlakatning madaniy, diniy, tarixiy markazlari bilan yaqindan tanishishni istasangiz, Xyue shahriga yoki Xo Shi Min muzeyiga tashrif buyuring.

Vetnamning eng go‘zal tabiat manzarasi – Halong ko‘rfazi bo‘lib, u sayohatchilar orasida ham juda mashhurdir. 1994 yilda YuNeSKO Halong ko‘rfazini Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritgan, 2011 yilda esa u dunyoning yetti tabiat mo‘jizasidan biri sifatida tan olingan.

3. Mazali oshxona

Vetnam – haqiqiy gurmanlar uchun ajoyib joy. Bu yerda meksikancha, fransuzcha, italyancha, xitoycha taomlarning uyg‘unligidagi antiqa taomlardan bahramand bo‘lish mumkin. Biroq bu uning o‘z milliy oshxonasi yo‘q, degani emas.

Vetnamning eng mashhur milliy taomi – «Fo bo» sho‘rvasidir. Vitamin va mikroelementlarga boy, to‘yimli taomni Vetnamning istalgan burchagida tatib ko‘rish mumkin.

Shuningdek, dengiz mahsulotlaridan tayyorlangan yeguliklar, tropik mevalar, kokos sharbatini boshqa mamlakatda bunaqa arzon narxlarda topa olmaysiz.

4. Ajoyib madaniyat

Vetnam millati ming yillik tarixga ega. Xanoyning mashhur Hoan Kiem ko‘lidagi madaniy yodgorlik, Xoy An shahridagi qadimiy Tan Ki uyi yoki Yapon ko‘prigi – o‘tgan asrlarning nodir durdonalari hisoblanadi.

Vetnamda yana bir ajoyib ko‘ngilochar dastur bor: cuvda milliy raqs tomoshalari. Safarim davomida mamlakatdagi eng katta va mashhur «Quintessence of Tonkin» madaniy shousini tomosha qildim. Mazkur dastur orqali siz Shimoliy Vetnam madaniyatining uzoq tarixi, afsonalari, urf-odatlari bilan yaqinroq tanishishingiz mumkin.

Yana Xoy Andagi Kim Bong qishlog‘i o‘zining qadimiy duradgorlik va an'anaviy yog‘och mahsulotlari bilan ham tanilgan.

5. Samimiy insonlar

Vetnamliklar o‘zbeklarga o‘xshagan mehmondo‘st, samimiy insonlardir. Shuningdek, ular juda ham tirishqoq, mehnatsevar, tinib-tinchimas odamlar. Sayohatim davomida ko‘chada birorta ham tilanchi yoki yordamga muhtoj insonni uchratmadim.

Vetnamlik do‘stim Lamning aytishicha, odamlar bekor qolmaslik va boshqalardan yordam so‘ramaslik uchun biror yumush bilan band bo‘lishga harakat qilishadi. Masalan, erta tongdan yangi uzilgan mevalardan sharbat tayyorlab, ko‘chada sotishadi. Yoki bo‘lmasa, uyning birinchi qavatida kichik do‘kon ochib, savdogarlik bilan shug‘ullanishadi.

Shuningdek, Vetnamda xizmat ko‘rsatish a'lo darajada. Restoran xizmatchilaridan tortib, mehmonxona xodimlarigacha sayyohlarga yuqori darajada iltifot ko‘rsatib, doimo xushmuomala bo‘lishga harakat qilishadi.

6. Dengiz

Vetnam qirg‘oqlarining suvosti dunyosi xilma-xilligi bilan barchani ajablantirishi aniq. Dunyodagi eng arzon dayving sarguzashti ham aynan shu yerda.

Vetnamda dayving uchun eng yaxshi joylar – Nyachang, Xoyan, Kondao va Fukuok orollari. Suv tubida mingdan ortiq baliq turlarini uchratish mumkin.

7. Tarix

Vetnam xalqi ham juda  og‘ir kunlarni boshidan o‘tkazgan. Avvaliga Xitoy imperiyasiga tegishli bo‘lgan davlat keyinchalik fransuzlar, yaponlar, amerikaliklar mustamlakasiga aylangan.

Vetnam tarixi bilan yaqindan tanishishni istasangiz, Etnologiya muzeyi, Qirol Da Lat saroyi, Urush qurbonlari muzeyiga borish mumkin.

Shuningdek, Ku Chi tonneli bo‘ylab ekskursiya – Vetnamdagi eng ekstremal sayohatlardan biri sanaladi. Xo Shi Min shahrida joylashgan Ku Chi tunneli – labirint yer osti o‘tish yo‘li va tizimi bo‘lib, undan partizanlar urushi davrida yashash va kurashish uchun foydalanilgan.

Vetnamga sayohat qilish uchun yana ko‘plab sabablarni keltirish mumkin. Muhimi, bunga siz o‘z ko‘zlaringiz bilan guvoh bo‘lishingiz kerak. Biz esa sayohatda davom etamiz.

Feruza Avazova,
Kun.uz muxbiri.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top