21:18 / 26.11.2019
0
8247

Falastin AQSh bilan aloqalarni uzishi mumkin

Vashington Iordan daryosining G‘arbiy sohilidagi Isroil aholi maskanlarini xalqaro huquqning buzilishi deb hisoblamasligi sababli Falastin AQSh bilan aloqalarni uzishi mumkin. Bu haqda Falastin prezidenti Mahmud Abbos "Rossiya-24" telekanaliga bergan intervyusida aytdi.

"Falastin rahbariyati sodir bo‘layotgan hodisalardan chetda turmoqchi emas, biz Amerika nuqtai nazariga qarshi amalga oshiriladigan harakatlar borasida siyosiy kuchlar bilan maslahatlashuvlarni boshladik, biz barcha aloqalarni uzishga ham tayyormiz", - dedi u.

U qolgan barcha davlatlar Falastinni qo‘llab-quvvatlaganini ta'kidladi.

"Biz bu masala bo‘yicha o‘zlarining qat'iy nuqtai nazarini bildirishi uchun butun dunyodagi barcha do‘stlarimizga yordam so‘rab murojaat qildik. YeI, Rossiya, arab, Afrika va Osiyo, ya'ni AQShdan boshqa barcha davlatlar Mayk Pompeoning bayonotini qoralab, bizning tarafimizni oldi", - dedi Mahmud Abbos.

18 noyabr kuni AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo Iordan daryosining G‘arbiy sohilidagi Isroil aholi maskanlarini xalqaro huquqning buzilishi deb hisoblanmasligini e'lon qildi.

Iordan daryosining G‘arbiy sohilidagi Isroil aholi maskanlari 1967 yilgi Olti kunlik urushdan so‘ng tashkil etilgan. BMTning 1947 yildagi rezolyutsiyasiga ko‘ra, bu hududlar arab davlati tashkil qilinishi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, shu bois bosib olingan hudud deb hisoblanadi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top