10:22 / 26.11.2019
0
8825

«O‘zbek tili bayrami kuni»ni belgilash to‘g‘risida qonun loyihasi e'lon qilindi 

O‘zbekistonda “O‘zbek tili bayrami kuni” belgilanadi. Bu haqdagi tegishli qonun loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e'lon qilindi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, 21 oktabr “O‘zbek tili bayrami kuni” etib belgilanadi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 21 oktabr kuni “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmon qabul qildi. Unda 21 oktabr sanasi yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilanishi aytilgan.

Davlat rahbari 21 oktabr kuni o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi ta'siri va mavqeini yanada oshirish, “Davlat tili haqida”gi qonunni bugungi kun talablaridan kelib chiqib takomillashtirish zarurligini ta'kidladi. Bu boradagi dolzarb vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.  

“Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e'tiborni mustaqillikka bo‘lgan e'tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni, ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak. Bu olijanob harakatni barchamiz o‘zimizdan, o‘z oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak”, dedi prezident. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top