18:00 / 26.11.2019
24
48680
O‘zbekistonda aviachiptalar nega qo‘shni mamlakatlardagidan qimmatligiga izoh berildi

Transport vazirligi havo transportini rivojlantirish departamenti boshlig‘i Ulug‘bek Bektashev O‘zbekistonda aviachiptalar narxining 30-40 foizi aviakerosinga bog‘liqligi, aviayoqilg‘i asosan xorijdan keltirilishi va buning natijasida samolyot chiptasi narxi qo‘shni mamlakatlaridagidan qimmatroqligini aytib o‘tdi.

«Afsuski, Farg‘ona va Buxorodagi neftni qayta ishlash zavodlarida ishlab chiqarilayotgan aviakerosin yetarli emas. Shu sababli «Uzbekistan Airways» AJ bu mahsulotni import qilishga majbur bo‘lmoqda. Qozog‘istondayam, Rossiyadayam yo‘lovchilarni tashish, kerosin bilan ta'minlash bo‘yicha davlat tomonidan subsidiyalash tizimi yaratilgan. Vazirligimiz tomonidan ushbu tizim o‘rganib chiqilib, shu masala bo‘yicha takliflar tayyorlayapmiz», degan Ulug‘bek Bektashev Kun.uz muxbirining nima uchun O‘zbekistonda aviachiptalar qo‘shni mamlakatlardagidan 2-3 barobar qimmatligi haqida bergan savoliga javoban.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Tadbirda O‘zbekistonga kelib-ketadigan aviakompaniyalar uchun aviakerosin bozor narxidan bir necha barobar qimmat narxda sotilishi bo‘yicha ham izoh berildi.

«Haqiqatan ham «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK vaqtida chet el aviakompaniyalari uchun aviakerosin narxi qimmatroq bo‘lgan. Misol tariqasida aytishim mumkin, oldingi vaqtda chet el aviakompaniyalarining samolyotlari O‘zbekistonda «zapravka» qilganda kerosinning bir tonnasi 1200 dollardan sotilar edi. Bugungi kunda shunaqa tizim yaratilganki, «Uzbekistan Airways» aviakompaniyasi o‘zi uchun o‘zi kerosinni sotib olmoqda. Chet el aviakompaniyalarining samolyotlariga yoqilg‘i quyishda import qilingan aviakerosin sotilmoqda. Ayni paytdagi narxga ko‘ra, kerosinning 1 tonnasi 890 dollar atrofidagi narxda chet avikompaniyalariga sotilmoqda», deydi Ulug‘bek Bektashev.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top