19:49 / 27.11.2019
1
9071
«Kliplar uchun litsenziya bermaymiz» - «O‘zbekkonsert» direktori
Baxtiyor Sayfullayev va Odiljon Abduqahhorov/Foto: KUN.UZ

 Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev hamda «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahhorov xonanda Lola Yo‘ldoshevaning internetda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan «Sevgingni menga ayt – 2» qo‘shig‘i klipiga munosabat bildirdi.

 «Lolaning mazkur klipini har xil talqin qilish mumkin. Vazir ko‘rmas ekan, deb o‘ylamanglar. Kuzatib boramiz va muhokama qilamiz. Klipni yaxshi ham, yomon ham deyish mumkin. Shaxsiy fikrim - klip menga yoqmadi», deya Madaniyat vazirining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

 Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan ochiq muloqot davomida «O‘zbekkonsert» davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahhorov ham ushbu klip borasida o‘z munosabatini bildirdi.

 «Lola bu klipni O‘zbekiston fuqarosi sifatida olib chiqardi, desak bo‘ladi. Qonuniy jihatdan qaraydigan bo‘lsak, Lolaning litsenziya muddati 2018 yil 29 avgustda tugagan. U shundan keyin litsenziya olib, faoliyat yuritmayapti.

 Xonanda klipdagi voqealar bundan 5 yil avvalgi holat ekanligini o‘zining instagram sahifasida e'lon qildi. Alohida ta'kidlash kerakki, muassasamiz tomonidan kliplar bu tarzda qabul qilinmaydi va hozirda bunday kengash faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan. To‘g‘ri, ikki yil oldin kliplarni baholaydigan kengash mavjud edi. Ayni paytda esa yo‘q.

 Lola chiqargan klip televideniyedagi badiiy kengash faoliyatiga qaratilgan, deb o‘ylaymiz. Chunki bizda kliplar kengashi faoliyat yuritmayapti. Shuningdek, tashkilotimiz kliplar uchun hech qachon litsenziya bermagan va bermaydi ham», deydi Odiljon Abduqahhorov.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top