15:10 / 27.11.2019
1
23546

Namangan shahridagi «Tez tibbiy yordam» bo‘limiga tez yordam kerak

Kun.uz saytiga yuborilgan murojaatdagi suratlarni ko‘rib biz ham avvaliga ishonmagan edik.

Borib ko‘rdik. Haqiqatan Namangan shahridagi 2-kichik dahada faoliyat yuritayotgan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filiali «Tez tibbiy yordam» kichik tuman shoxobchasida holat achinarli ekan.

150 ming aholiga xizmat ko‘rsatuvchi muassasada 120 nafar tibbiyot xodimlari hamda 32 nafar haydovchi ish olib boradi.

Bino ichidagi manzarani so‘z bilan ifoda qilish qiyin.

Deyarli barcha xonalar tomidan chakka o‘tib ketgan. Devorlar to‘kilib yotibdi. Dam olish xonalaridagi yotoq anjomlari eski, kir va yirtilib ketish arafasida. Ichimlik suvi yo‘q. Muolajadan kelib shifokorlarning qo‘l yuvishi ham muammo. Issiq suv haqida gapirishning hojati yo‘q. Antisanitariyaning eng yomon ko‘rinishi. Aholiga o‘rnak bo‘lishi kerak bo‘lgan tibbiyot tashkiloti hojatxonasi o‘ta achinarli holatda.

Suv yo‘q ekan. Yo‘laklar, oshxonadagi holat kishining rahmini keltiradi. Chakka o‘taverganidan barcha xonalarning shiftlari qorayib, mog‘or bosib ketibdi. Tibbiyot tashkiloti pokizalikda o‘rnak bo‘lishi lozim. Muassasada esa buning teskarisi.

 Binoni ko‘zdan kechirgach, bu joyda ishlayotgan tibbiyot xodimlarining matonati va sabriga qoyil qolmay ilojimiz qolmadi. Shifokorlar «Tez yordam»ga so‘nggi marta qachon anjomlar berilganini unutib yuborishgan.

 «Muassasamiz o‘n yildan beri mana shu joyda faoliyat yuritadi. Binoning ahvoli bundan ham battarroq edi. O‘zimizning maoshimizdan pul yig‘ib «remont» qilaverib, oxiri zerikdik. Yomg‘ir yog‘gan kuni tomdan chelaklab chakka oqadi. Qishda sovuq, yozda issiqqa chidash qiyin. Holat bo‘yicha necha marta yuqori tashkilotimizga arizalar bilan chiqdik.

 Foydasi bo‘lmadi. Kimga murojaat qilishni ham bilmayapmiz. Prezidentimizning ko‘plab qarorlari chiqyapti. Viloyat markazida har yili «remont». Bizga esa «ilojisini qilib turinglar», deyishadi. «Bino balansimizda emas», deyishdi. Mana shu sharoitda ishlab yuribmiz. Atrofimizda mehmonxonalar ko‘p. Muolaja xonasi yo‘q. Qo‘qqis og‘rib qolgan chet ellik mehmonlar ham keladi. Ilojini qilib «O‘quv xonasi»da qabul qilamiz. Ular va boshqa bemorlar ham sharoitni ko‘rib hayron bo‘lishadi.

 Bizga yangi bino kerak. Axir yetarli sharoit qilib berishsa so‘ng ishimizda samara bo‘ladi-ku? Aytib o‘tish lozim – dori-darmonlardan kamchiligimiz yo‘q», deydi shifokor Husniddin Hamroqulov. Boshqa shifokorlar Manzuraxon Zohidova, Abdulaziz Sobirov va Muqimaxon Ibragimova uning so‘zlarini tasdiqlashdi.

 Shoxobchada 8ta avtomashina bor ekan. Barchasi yangi va ishga yaroqli.

 Shifoxonaga tezda viloyat va shahar tibbiyot rahbarlari yetib kelishdi.

 Namangan shahar tez tibbiy yordam stansiyasi boshlig‘i Odiljon Norbo‘tayevdan holat yuzasidan izoh oldik.

 «Mazkur respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filiali Tez tibbiy yordam «Kichik tuman» shoxobchasi «snos»ga tushgan. Shoxobcha yonidagi 1-shahar shifoxonasi binosida rekonstruksiya ishlari ketyapti. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari qurilish ishlari yakunlanishi bilan shifoxona «nevrologiya» bo‘limining 1-qavatidan 8-10ta xona «Tez tibbiy yordam» shoxobchasiga berilishi bo‘yicha va'da qilishgan. Qo‘shni muassasa binosidagi rekonstruksiya ishlari 2020 yil o‘rtalarigacha yakuniga yetadi. Shoxobcha binosidagi muammoli holatdan xabardorman. Yomg‘ir yoqqanida chakka o‘tishining oldini olish uchun tomni ta'mirlab ko‘rdik. Lekin binoning tom qismi butunlay almashtirilmasa muammo hal bo‘lmas ekan. Binoni ta'mirlash katta mablag‘ talab qiladi. Shoxobcha uchun boshqa bino topa olmadik. Mazkur binoda ishlayotganlarning qiyinchiliklaridan xabardormiz. Iloji bo‘lsa 2020 yil o‘rtasigacha shoxobchani bu yerdan ko‘chirib ketish harakatini qilamiz», deydi mutasaddi.

 Shundan so‘ng Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filiali boshlig‘i, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari bilan shoxobcha yonidagi 1-shahar shifoxonasi binosining «Nevrologiya» bo‘limini borib ko‘rdik. Bu maskanda qurilish ishlari bormoqda.

 Ayni paytda shoxobcha aftodahol sharoitda faoliyat yuritmoqda. 2020 yil o‘rtalarigacha hali ancha vaqt bor. Mutasaddilar shoxobcha tibbiyot xodimlari qish kunlari qiyinchilikda qolmasligi uchun iloji bo‘lsa bo‘sh bino topib, ko‘chirishlarini aytishdi.

 Chunki, Namangan shahri markazida joylashgan, 150 ming aholiga xizmat ko‘rsatuvchi «Tez tibbiy yordam» muassasasi xodimlari bemorlarga sifatli xizmat ko‘rsatishi uchun oddiygina shart-sharoitlarga loyiq...

Jurnalist Elmurod Ermatov,
Tasvirchi Ahrorbek Yoqubjonov

Namangan

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top