16:20 / 27.11.2019
0
3010
Sog‘liqni saqlash vazirligi: qish mavsumida tez tibbiy yordamning o‘ziga xos jihatlari bor

2018 yilda Sog‘liqni saqlash vazirligi Shoshilinch tibbiy yordam tizimi tomonidan 13 millionga yaqin chaqiriqlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatilgan, ulardan 10 milliondan ortig‘i 103 raqami orqali, 3 milliontasi statsionarlarga murojaat ko‘rinishida bo‘lgan. 2019 yilning 10 oyida bu ko‘rsatkich 10,5 millionga yaqinlashgan.

Bugun, 27 noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida aholiga shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatishning bugungi holati, yutuqlar va muammolariga bag‘ishlangan Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, ayni shu tizim rahbari Abduhakim Tojiboyev bergan ma'lumotlarga qaraganda, bugungi kunda 2500ga yaqin «Nissan», «Hunday», «Toyota» rusumli va boshqa zamonaviy tez yordam mashinalari aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Har 13 ming aholiga bitta maxsus tez yordam mashinasi ajratilgan. 2021 yilgacha «Damas» avtomashinalaridan to‘liq voz kechilib, xalqaro andazalar darajasida jihozlangan zamonaviy tibbiy yordam mashinalariga o‘tiladi. 2019 yil yakuniga qadar barcha tez yordam mashinalarida qulay aloqani, chaqiriqlar uchun mashinani tezkor yo‘naltirishni ta'minlovchi GPS tizimini to‘liq yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Respublika bo‘yicha «tez yordam»ga tushayotgan chaqiriqlarning atigi 15 foizi gospitalizatsiya qilinishi, ya'ni bemor shifoxonaga olib ketilishi, 85 foiziga esa joyida xizmat ko‘rsatilishi «tez yordam» chaqiradiganlarning aksariyati aslida tez yordamga muhtoj emasligini anglatadi.

Muxbirimizning «Qish mavsumida, ayniqsa yaxmalak kunlarida tez yordam tizimi qay tartibda ishlaydi, chaqiriqlar soni qanchalik oshadi?» degan savoliga A.Tojiboyev shunday javob berdi:

– Qish mavsumining o‘ziga xos jihatlari bor albatta. Toyg‘anoqlarda yiqilib jarohat olishlar, yo‘llarda yo‘l transport hodisalari ko‘payadi. Bolalarda shamollash, tumov ko‘p uchraydi, ota-onalar ko‘p chaqiriq qiladi. Shu bilan birga tez tibbiy yordam brigadasining joylarga yetib borishi ham tabiiy ravishda sekinlashadi, bu ham bir muammo. Shuning uchun biz brigadalarimiz ishini eng tig‘iz paytlarga moslab muvofiqlashtiramiz. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top