19:40 / 28.11.2019
12
44970

«Agar vazir talabalarni eshitsa balki iste'fo berardi» - Partiyalar stipendiyalar haqida

Bugun, 28 noyabr kuni Toshkentdagi «Zarafshon» Media Xollida siyosiy partiyalar vakillari ishtirokida «Oliy ta'lim tizimi: Mavjud muammolar va ularni hal qilish yo‘llari mavzusida «Demokratik debat» tok-shousining navbatdagi soni suratga olindi. 

Unda 2019-2020 o‘quv yilida oliy ta'lim muassasalari talabalari uchun qat'iylashtirilgan (400 ming so‘mlik) stipendiya masalasi ko‘tarildi va partiyalardan bu boradagi fikr so‘raldi.

Bu masalada birinchi bo‘lib O‘zLiDeP partiyasi vakili, iqtisod fanlari doktori, professor Nodir Jumayev so‘z oldi.

«Avvalo, talaba uchun bu summa yetarlimi, degan masalani qo‘yish kerak. Yaqinda Andijon viloyati hokimi talabalar bilan birga ovqatlandi. Shu yerda hokim tushlik uchun 15 ming so‘m to‘lov qildi va joylardagi asl holatni ko‘rsatib berdi.

Endi hisoblaylik, bir talaba nonushtaga iste'mol qiladigan mahsulotlarni 10 ming so‘m, kechki ovqatlanishni esa 15 ming deb hisoblasak, bu tushlik bilan 40 ming so‘mni tashkil qiladi, endi buni bir oyga hisoblab ko‘ring. 

Bu talabaning faqat ovqatlanish xarajati, unga boshqa ehtiyojlar uchun summalar qo‘shilmagan. Demak, talabalar uchun to‘lanadigan stipendiyani qayta ko‘rib chiqish kerak. 

Bu masala bizni partiya deputatlari Rasul Kusherbayev va Abdurashid Abduqodirov tomonidan ham bir necha marta ko‘tarildi», deydi u.

Milliy tiklanish partiyasi vakili, pedagogika fanlari doktori, professor Nodira Egamberdiyevaning fikricha, stipendiya masalasida muhokamalarni to‘xtatish payti keldi.

«Yaxshilab qaraylik, bu yil kimlarga «Nobel» mukofoti berildi va nima uchun berildi?

Ular iqtisodiyotni jamiyatda yig‘ilib qolgan kichik muammolarni hal qilish orqali rivojlantirishni taklif qilishmoqda. Xo‘p, stipendiya masalasi oliy ta'lim tizimidagi kichik bir masala. Lekin biz bu mavzuni to‘rt oydan beri muhokama qilyapmiz. Barcha debatlar faqat shu masala atrofida aylanmoqda. Axir atrofimizda yuzlab ijtimoiy muammolar yig‘ilib ketgan.

Albatta, biz tabaqalashgan stipendiya tarafdorimiz, lekin bu mavzuni yopish vaqti keldi», deya fikr bildirdi Nodira Egamberdiyeva.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Mirodil Abdurahmonov esa keskinroq fikr bildirdi.

«Agar hozir Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri talabalarning mana shu yerdagi fikrlarini eshitayotgan bo‘lganida balki iste'foga chiqardi. Partiyamiz bu masalani juda jiddiy masala deb hisoblaydi va u tezroq to‘g‘ri yechimini topish kerak», dedi u. 

«Adolat» SDP Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Farxod Ishankulov qat'iylashtirilgan stipendiya avvalboshdanoq xato tizim bo‘lganini ta'kidladi. 

«Yaqinda oliy ta'lim vazirining hisobotini eshitdik. Unda vazir parlament oldida avvalgi, tabaqalashtirilgan stipendiyaga o‘xshash tizim joriy qilishga va'da berdi.

O‘ylaymizki, bu va'da amalda ham natijasi bilan ko‘rinadi va deputatlar tomonidan nazoratga olinadi», dedi u.

Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi bo‘limi boshlig‘i Boymurod Yusupov bir xil stipendiya talabalarning o‘qishga bo‘lgan motivatsiyasi yo‘qolishiga sabab bo‘lgani haqida gapirdi.

«Bizning Oliy ta'limdan ko‘zlagan maqsadimiz faqat kadr chiqarish emas. Maqsad – malakali mutaxassis tayyorlash. Hozir amalda bo‘lgan bir xil stipendiya talabalarning o‘qishga bo‘lgan motivatsiyasini sindirmoqda. 

Stipendiyasi kamaygan talaba hech qachon bilim olishga intilmaydi, u qorin to‘ydirishi ham kerak axir», deydi u.

Eslatib o‘tamiz, siyosiy partiyalar o‘rtasidagi «Demokratik debat»lar O‘zbekiston Elektron Ommaviy Axborot Vositalari Milliy Assotsiatsiyasi tomonidan tashkil qilinmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top