18:50 / 28.11.2019
0
9123
O‘zbekiston U19 murabbiylar shtabi «noprofessionallik» qilgani uchun tarqatib yuborildi

O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi (O‘FA) ijroqo‘mi O‘zbekiston U19 milliy jamoasi bosh murabbiyi Otabek G‘ulomxo‘jayev rahbarligidagi murabbiylar shtabini vazifasidan ozod etdi. Bu haqda O‘FA bayonot bermoqda.

«6-10 noyabr kunlari Saudiya Arabistonida Osiyo Chempionati U19 saralash bahslari o‘tkazildi. Unda Otabek G‘ulomxo‘jayev boshchiligidagi O‘zbekiston yoshlar jamoasi ham ishtirok etdi.

10 noyabr kuni O‘zbekiston U19 jamoasi Saudiya Arabistoni yoshlariga qarshi bahs olib bordi. 1:1 hisobida yakunlangan o‘yinda O‘zbekiston yoshlar jamoasi safida 4 nafar futbolchi hakam tomonidan ogohlantirildi. Shuningdek, Odilbek Abdumajidov qizil karta olib, maydonni tark etdi. Bundan tashqari O‘zbekiston U19 bosh murabbiyi Otabek G‘ulomxo‘jayev va uning yordamchisi Doniyor Usmonov ham nojoiz xatti-harakatlari sabab hakam tomonidan ogohlantirildi.

Bu o‘yindagi holatni o‘rganib chiqqan Osiyo Futbol Konfederatsiyasining tartib-intizom va ahloq qo‘mitasi O‘FAga xat yo‘llab, O‘zbekiston yoshlar milliy jamoasi murabbiylari o‘zini noprofessional tarzda tutgani va buni o‘rganib chiqib, tegishli choralar ko‘rish zarurligini ma'lum qildi.

Bu holat esa O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e'tiboriga, shuningdek, 2020 yilda bu yosh toifasidagi qit'a chempionatiga mezbonlik qiladigan mamlakat imijiga salbiy ta'sir o‘tkazishi ehtimoli mavjud.

Shu tufayli, bu holat O‘FA ijroqo‘mi tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘zbekiston yoshlar milliy jamoasi ustozining o‘yin vaqtida nojoiz xatti-harakatlar amalga oshirgani, shogirdlariga o‘rnak bo‘lish o‘rniga, o‘yin rasmiylari qarorlaridan norozi ekanini ochiqchasiga namoyish etib, maydonda o‘zini noprofessional tutgani e'tirof etildi. 

Yakunda O‘FA ijroqo‘mi O‘zbekiston U19 milliy jamoasi bosh murabbiyi Otabek G‘ulomxo‘jayevni va murabbiylar shtabi a'zolarini egallab turgan lavozimidan ozod etish bo‘yicha qaror chiqardi», - deyiladi bayonotda.

Avvalroq, Timur Kapadze O‘zbekiston U19 milliy jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlanishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top