17:40 / 28.11.2019
0
18017
Ra'no Shodiyeva: «O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan fuqarolarning atigi 2 foizi ish bilan ta'minlangan»

Bugun, 28 noyabr kuni, Xalqaro anjumanlar saroyida «XXI asrda gender va yoshlar masalalari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish» mavzusida forum bo‘lib o‘tdi. Ushbu xalqaro tadbirda xorijiy va mahalliy ekspertlar gender tengligiga erishish muammolari, yoshlarga oid qator masalalarni hal qilish bo‘yicha o‘zaro muhokamaga kirishishdi. Tadbirda nogironligi bo‘lgan fuqarolarni ijtimoiy hayotga moslashtirish borasida qilinayotgan harakatlar to‘g‘risida ham axborot berildi. Nogironligi bo‘lgan bolalar va yoshlar respublika markazi rahbari Ra'no Shodiyeva bu yo‘nalishdagi qator muammolarni sanab o‘tdi.

«O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun imkoniyatlar ko‘lami kengayib bormoqda. Jamoat joylari, binolar, jamoat transportlari nogironligi bo‘lganlar yurtdoshlarimiz uchun qulay  qurilmoqda, jihozlanmoqda. Hozirgi kunda nogironligi bo‘lgan fuqarolar 710 ming nafarni tashkil qilyapti. Ulardan 101 ming 316 nafari bolalar va 300 mingdan ortig‘i ayollardir. Nogironligi bo‘lganlar cheklangan ijtimoiy infrastruktura, jumladan, ma'lumot olish imkoniyati, ishga joylashish borasida diskriminatsiya bilan tez-tez to‘qnash kelishadi. Shu qatorda, jamoatchilik stereotipi, ta'lim olish, qaror qabul qilishdagi cheklovlar shunga misol bo‘loladi.

Bu yil BMTning «Nogironlar huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiyasini O‘zbekiston hukumati imzolaganiga 10 yil to‘ladi. Ayni vaqtda ushbu hujjatni ratifikatsiya qilish jarayoniga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Konvensiyaning realizatsiyasi nogironligi bo‘lgan shaxslarga o‘z imkoniyatlarini to‘la ochib berishga, ijtimoiy hayotga moslashuviga ko‘mak beradi. Inklyuziv ta'lim-tarbiyani rivojlantirish orqali yuqoridagi muammolarni hal qilish mumkin.

Fikrimcha, inklyuziv ta'lim to‘g‘risidagi qonunni ishlab chiqish vaqti keldi. Inklyuziv ta'limning maqsadi har bir inson teng huquqlilik asosida bilim olish imkoniyatini yaratishdir. 2018 yilda OTMlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 2 foiz qabul kvotasi ajratildi.  2019 yilda 1 ming 350 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar talaba bo‘lish imkoniyatiga erishishdi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta'minlashda respublika bo‘ylab 3 foizlik kvota ajratilgan. Atigi 2 foiz nogironligi bo‘lgan fuqarolar ish bilan ta'minlangan», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.  

Shodiyevaning qo‘shimcha qilishicha, nogironligi bo‘lgan yoshlarni ish bilan ta'minlash bo‘yicha davlat dasturi ishlab chiqilishi zarur. Ularga nisbatan jamiyatni rivojlantirishda muhim rol o‘ynovchi resurs sifatida qarashni shakllantirish lozim.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top