18:30 / 28.11.2019
0
2381
Samarqandda daraxt kesishga moratoriy va atrof-muhit muhofazasida shaxsiy javobgarlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi

Samarqand viloyati matbuot markazida Samarqand viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Davron Ochilov va boshqarma xodimlari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

«Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishlari profilaktikasi, ularni aniqlash va oldini olishning samarali mexanizmlarini joriy etish, aholi punktlarining sanitariya va ekologik holati uchun davlat organlari, sub'yektlar rahbarlari va fuqarolarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish maqsadida prezident farmoni bilan «2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi» va uni amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi.

Konsepsiyaning maqsadi — mamlakatimiz aholisining hayoti va salomatlik darajasini yaxshilashning zarur sharti sifatida atrof-muhitning qulay holatini ta'minlash, innovatsion texnologiyalarni joriy etish hisobiga atrof-muhit obektlaridan oqilona foydalanishni va biologik resurslar qayta tiklanishini ta'minlashdir», — dedi D.Ochilov.

Prezident farmoniga muvofiq, 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha O‘zbekistonda daraxtlar kesilishiga moratoriy joriy etilganiga ham urg‘u berildi.

Moratoriy amal qilish davrida vakolatli davlat organlariga davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlari kesilishiga ruxsatnoma berish man etiladi.

Biroq, tabiiy omillar yoki zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari ta'sirida zararlangan, qurib borayotgan yoki qurib qolgan, shuningdek, fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf tug‘diruvchi daraxtlar va butalarni sanitar kesish va qirqishga; yog‘och va mevalar olish uchun o‘stirilayotgan daraxtlar hamda butalarni (terak va tez o‘suvchi boshqa navlar, tut plantatsiyalari, mevali daraxtlar va butalar) kesishga hamda plantatsiyalarda o‘stirilayotgan yuridik va jismoniy shaxslarning mulki hisoblangan daraxtlar hamda butalarni kesishga joriy etilmasligi qayd etib o‘tildi.

Shuningdek, boshqarma xodimlari ommaviy axborot vositalaridan atrof-muhit muhofazasida aholi o‘rtasida keng targ‘ibot ishlari olib borishda ko‘maklashishni so‘rab, quyidagi holatlar:

  • yonuvchi moddalar va qurilish materiallarini bir joyga to‘plash yoki ochiq olovda yoqishda atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha talablarga rioya etmaslik;
  • dalalar va aholi punktlarida maxsus texnik vositalarni qo‘llamasdan bitumni eritish, ang‘izni, to‘kilgan barglarni va daraxt shoxlari yoki boshqa o‘simlik qoldiqlarini yoqish;
  • oqava suvlarni joy relefiga yoki ochiq havzalarga, shuningdek, kommunal kanalizatsiya tizimiga normadan ortiqcha yoki ruxsatsiz oqizish;
  • tabiiy suv obektlaridan suvdan maxsus foydalanish yoki suv iste'moliga ruxsatnomasiz suv olish;
  • daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish, yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklarni yig‘ish va tayyorlash yoki yo‘q qilish, yovvoyi hayvonlarni (shu jumladan tabiiy havzalardagi baliqni) ovlash yoki qo‘lga kiritish;
  • chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik;
  • daryolar, soylar, kichik daryo va ko‘llarning o‘zanlari va suvni muhofaza qilish zonalarini tozalash, shuningdek, ularning qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirishda qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik javobgarlik keltirib chiqarishi haqida tushuncha berishdi.

Konsepsiyani amalga oshirish asnosida tabiatni muhofaza qilish ishlarini yangi bosqichga ko‘tarish belgilangan. Jumladan:

  • Orol dengizining qurigan tubining O‘zbekistondagi qismida o‘rmonzorlar maydonining uning jami hududiga nisbatan 28 foizdan 60 foizga (2 mln gektarga) yetkazish;
  • qishloq xo‘jaligida suv resurslarini yo‘qotishni 10 foizga kamaytirish;
  • oqova suvlarini tozalash samaradorligini 80 foizgacha oshirish;
  • zaharli tashlamalarning atmosfera havosiga chiqarilishini 10 foizga (2,492 mln. tonnadan 2,243 mln. tonnaga) kamaytirish;
  • transport vositalarining 80 foizini gaz yoqilg‘isi va elektr dvigatellariga o‘tkazish;
  • O‘rmon fondining o‘rmon bilan qoplangan hududini 3,2 mln gektardan 4,5 mln gektarga yetkazish;
  • Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini 3,5 foiz (1,5 mln gektar)dan 12 foiz (5,4 mln gektar)ga ko‘paytirish;
  • Aholining maishiy chiqindilarini to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari bilan qamrovni 48 foiz (16 mln kishi) dan 100 foizga yetkazish;
  • Hosil bo‘ladigan chiqindilarni qayta ishlash hajmini 18 foiz (1,3 mln tonna)dan 65 foiz (4,6 mln tonna)ga oshirish.

Matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan yangragan savollarga ham javob berildi. Xususan, Kun.uz muxbirining Samarqand shahri Farxod qo‘rg‘oni aholisidan mazkur hududda faoliyat ko‘rsatayotgan sement zavodining atrof-muhitni ifloslantirayotgani yuzasidan kelib tushgan murojaati yuzasidan boshqarma bo‘lim boshlig‘i T.Hoshimov atroflicha javob berdi.

M.Mamedov fuqarolarning atrof-muhit ifloslanishining oldini olish borasida jamoatchilik nazorati ham muhim ahamiyatga egaligini ta'kidlab o‘tdi.

Boshqarma xodimlari tahririyat a'zolari bilan Farhod qo‘rg‘onidan tushgan murojaatni joyiga chiqib birgalikda o‘rganishga kelishib olishdi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,

Kun.uz muxbiri.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top