08:04 / 28.11.2019
2
74554

Tergov departamenti Samarqanddagi fojia bo‘yicha rasmiy ma'lumot berdi

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti Samarqand shahrida ro‘y bergan fojia bo‘yicha rasmiy ma'lumot taqdim etdi.

2019 yil 20 noyabr kuni taxminan soat 02:00larda 28 yoshli fuqaro «Izatullo» o‘zining 30 yoshli tanishi «Maqsud» bilan birgalikda Samarqand shahar Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida joylashgan avtobus bekati oldidan o‘tib ketayotgan «Asal» ismli ayolga gap otishgan. Bu vaqtda Asalning yonida bo‘lgan 2 nafar erkak tanishlari ushbu holatga aralashib, ulardan biri Izatulloning yuziga bir marotaba urgan. Shunda Asal o‘zining tanishiga qo‘ng‘iroq qilib ularni chaqirgan. Asalning chaqiruviga binoan jami 6 nafar shaxslar kelishgan. Ularning ichida 2 nafari ayol bo‘lgan. Shundan so‘ng ular bir guruh bo‘lishib, shu kuni soat 03:40larda jamoat joyi hisoblangan Samarqand shahar Beruniy ko‘chasi 82-uy oldida jamiyatda yurish-turish qoidasini qasddan mensimasdan fuqaro Izatulloning sherigi Maqsudni so‘kinib haqoratlab, tanasini turli joylariga qo‘l-oyoqlari bilan urib-do‘pposlab tan jarohatlari yetkazishgan.

Shundan so‘ng, 3 nafar ayol va 3 nafar erkak shaxs qo‘l-oyoqlari bilan Izatulloning bosh qismi va tanasining turli sohalariga bir necha marotaba urib do‘pposlab, og‘ir tan jarohati yetkazishgan.

Ko‘rilgan tezkor chora tadbirlar natijasida Izatulloga nisbatan jinoyatni sodir etgan shaxslardan 3 nafari ichki ishlar xodimlari tomonidan ushlangan.

Tez tibbiy yordam shifoxonasining birlamchi ma'lumotnomasiga ko‘ra, Izatulloga «bosh miya suyaklarini og‘ir sinishi» tashxisi qo‘yilgan.

Mazkur holat yuzasidan 2019 yil 20 noyabr kuni Samarqand shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2019 yil 23 noyabr kuni Izatullo ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan shifoxonada vafot etgan va shu kuni uning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan hamda jinoyat ishi JKning 104-moddasi 3-qismi «d» bandiga qayta malakalangan.

Dastlabki tergov jarayonida 3 nafar shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 3-qismi «d» bandi va 277-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan ayb e'lon qilinib, ularga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va qolgan 6 nafar gumon qilinuvchilarga nisbatan tegishli ehtiyot choralarini qo‘llash masalasi ko‘rilmoqda.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda va natijasiga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta'minlanadi, deyiladi ma'lumotda.

Aniqlanishicha, marhum I.M. 2016 yil 6 iyun kuni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlab, 2016 yil 02 sentabr kuni Samarqand shahridagi 42-sonli umumta'lim maktabiga «rus tili» fanidan o‘qituvchi bo‘lib ishga kirib, 2017 yil 25 sentabr kuni ishdan bo‘shagan va RFga ishlash uchun ketib, 2018 yil avgust oyida qaytib kelgan.

2018 yil 3 sentabr kuni yana shu maktabga o‘qituvchi lavozimiga ishga qabul qilingan hamda o‘quvchilarga rus tilida «tarix» fanidan dars berib kelgan. Joriy yilning 17 oktabr kunidan buyon ishdan bo‘shashi haqida maktab direktorini og‘zaki ogohlantirgan va maktabga ishga bormay, shu vaqt mobaynida Samarqand shahri Mirzo Ulug‘bek va Shohrux ko‘chalari kesishuvchi chorrahada somsa sotish bilan shug‘ullangan, deb yozmoqda Tergov departamenti.

“Fuqarolarimizdan, mazkur holatning barcha tafsilotlari aniqlanib, tergov harakatlari yakuniga yetguniga qadar ijtimoiy tarmoqlarda nomaqbul izohlar berishdan saqlanishlarini so‘raymiz”, - deyiladi TD xabarida.

Bundan oldin, Samarqandda bir o‘qituvchi urib o‘ldirilgani, Bosh prokuratura ushbu ish yuzasidan bayonot bergani xabar qilingandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top